Xorazmda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqariladi

eʼlon qilindi
Stansiyaning energetika tizimiga ta’siri baholanadi
Foto: Pexels

Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.

Loyiha koreyalik investor ishtirokida amalga oshiriladi

Qarorga ko‘ra, Janubiy Koreyaning «Green Hammer Co., Ltd» kompaniyasi tomonidan «Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish» investitsiya loyihasi doirasida xorijiy korxona tashkil etilgan.

Mazkur loyiha kompaniyasi elektr stansiyasini qurish va undan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotish bilan shug‘ullanadi.

Elektr energiyasi 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib olinadi

Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida «O‘zenergosotish» AJga kafolatlangan tarzda sotadi.

«O‘zenergosotish» AJ esa shu davr mobaynida elektr energiyasini milliy valyutada kafolatlangan tarzda xarid qiladi.

Elektr stansiyasi yagona tarmoqqa ulanadi

Loyiha kompaniyasi elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun zarur bo‘lgan havo elektr uzatish liniyalari va boshqa infratuzilma obyektlarini quradi.

Bu ishlar «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida amalga oshiriladi. Infratuzilma ishga tushirilgach, u «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ balansiga topshiriladi.

Stansiyaning energetika tizimiga ta’siri baholanadi

Elektr stansiyasi ishga tushirilishidan oldin loyiha kompaniyasi «Milliy dispetcherlik markazi» DUK va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan birgalikda stansiyaning elektr energetika tizimiga ta’sirini baholash bo‘yicha texnik xulosa tayyorlaydi.

Shundan keyin tarmoqqa ulanishning yakuniy shartlari kelishib olinadi.

Chiqindilar 30 yil davomida yetkazib beriladi

Vakolatli agentlik loyiha kompaniyasiga 30 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib beradi.

Bu orqali elektr stansiyasining uzluksiz ishlashi uchun zarur xomashyo bazasi ta’minlanadi.

Avvalroq «Kursiv» chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan 6 ta zavod qurilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek