O‘zbekistonda pensiya yoshi qachon o‘zgaradi

O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif qilinmoqda. Farmon loyihasiga ko‘ra, 2028-yil 1-yanvardan pensiya yoshi har yili uch oyga oshirib boriladi va 2039-yilga kelib erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilanadi.
Hujjat pensiya tizimini demografik o‘zgarishlarga moslashtirish, uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda fuqarolarning keksalikdagi ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Pensiya yoshi 2039-yilgacha oshirib boriladi
Loyihada pensiya yoshini 2028-yildan boshlab har yili uch oyga oshirish nazarda tutilgan. Natijada 2039-yilda pensiyaga chiqish yoshi erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetkaziladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan pensiya yoshini bir yilga qisqartirib pensiyaga chiqish imkonini beruvchi tartibni bekor qilish taklif etilmoqda.
Bunda pensiyaoldi yoshidagi fuqarolar uchun bir qator kafolatlar saqlanadi. Jumladan, fuqaroni pensiyaoldi yoshida ekani sababli ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga esa pensiya yoshidan ikki yil oldin muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqi saqlab qolinadi.
Pensiya uchun talab qilinadigan ish staji ham oshadi
Pensiya tizimini isloh qilish doirasida yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan eng kam ish stajini ham bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda.
2027-yil 1-yanvardan boshlab amaldagi 7 yillik eng kam ish staji har yili bir yilga oshirib boriladi. Natijada 2034-yilga kelib pensiya tayinlash uchun kamida 15 yil ish staji talab qilinadi.
Eng kam ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga esa umumiy pensiya yoshidan besh yil o‘tib yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanadi.
Pensiya hisoblash davri 20 yilgacha uzaytiriladi
Loyihada pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini ham o‘zgartirish taklif qilinmoqda.
2027-yildan boshlab pensiya hisoblash uchun olinadigan besh yillik ish haqi davri har yili bir yilga oshirib boriladi. Natijada hisob-kitobda foydalaniladigan davr 20 yilga yetkaziladi.
Bunda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Kechroq pensiyaga chiqqanlarga ko‘proq imkoniyat beriladi
Yuqori daromaddan ijtimoiy soliq to‘laydigan va pensiya yoshiga yetganidan keyin ham ishlashda davom etadigan fuqarolarni rag‘batlantirish uchun yangi mexanizm taklif qilinmoqda.
2028-yil 1-apreldan birinchi marta pensiya tayinlashda hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi oshiriladi. Olti oy kechroq pensiyaga chiqqanlarda bu chegara pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha, 12 oy kechroq chiqqanlarda esa 15 baravarigacha yetkaziladi.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ham o‘zgaradi
2027-yildan fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini davlat tomonidan qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
O‘rtacha oylik ish haqi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan kam bo‘lgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda ish haqining 5 foizini jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltirsa, Davlat budjetidan ushbu mablag‘ning 50 foizigacha qo‘shimcha to‘lov berilishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, jamg‘arilgan mablag‘larni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirish imkoniyati yaratiladi. Ushbu investitsiyalardan olinadigan daromad fuqaroning shaxsiy pensiya hisobvarag‘iga qo‘shib boriladi.
2030-yildan esa jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘laridan og‘ir kasallikni davolash hamda ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish huquqi berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Pensiya jamg‘armasi tizimi qayta tashkil etiladi
2027-yil 1-yanvardan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini boshqarish Xalq bankidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazilishi taklif qilinmoqda.
Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lar ularning shaxsiy mulki hisoblanadi va ularni meros qilib qoldirish huquqi saqlanadi.
Bundan tashqari, 2027-yildan 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Pensiya yoshini oshirish bilan bog‘liq o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va pensiyaoldi yoshidagi fuqarolar uchun belgilangan kafolatlar saqlab qolinishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq stajsiz qolayotgani haqida xabar bergandi. Shu tariqa so‘nggi 15 yil ichida yangi pensionerlar orasida to‘liq stajga ega bo‘lmaganlar ulushi qariyb o‘n baravar ko‘paygan.