«Salar» kanali bo‘yida 1,5 kilometrlik dam olish maskani quriladi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Salar» kanali bo‘yining qariyb 1,5 kilometrlik qismi obodonlashtirilib, zamonaviy dam olish maskaniga aylantiriladi. Hudud Mirzakalon Ismoiliy va Asaka mahallalari orqali o‘tadi.
Kanal bo‘yida piyoda va veloyo‘laklar tashkil etiladi
Loyiha Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi binosi oldidan boshlanib, Markaziy istirohat bog‘igacha davom etadi.

Obodonlashtirish jarayonida mavjud daraxtlar va yashil hududlar saqlab qolinib, tartibga keltiriladi. Kanal bo‘yidagi binolar xatlovdan o‘tkazilib, noqonuniy egallangan hududlar ham tartibga solinadi.

Shuningdek, hududda piyodalar va velosiped yo‘laklari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘laklar, o‘rindiqlar hamda ayvonchalar tashkil etiladi.

Bolalar va sport bilan shug‘ullanish uchun workout maydonchalari ham barpo etilishi rejalashtirilgan.
Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridan foydalaniladi
Mirzakalon Ismoiliy mahallasidagi 1A, 2, 3, 5 va 7-sonli ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridan samarali foydalanish rejalashtirilmoqda.

Ushbu joylarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Yangi Andijonda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida qiymati $300 mlnga teng yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.