Samarqanddagi Shaxmat olimpiadasi ochilish marosimi qanday o‘tdi — foto, video

Samarqandda 46-Shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi Boqiy Shahar amfiteatrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 2 mingdan ortiq tomoshabin qatnashdi, sahnada esa yuzlab musiqachi, raqqos va xonandalar chiqish qildi.
Marosim qariyb ikki soat davom etdi. Unda shaxmat, musiqa va o‘zbek milliy madaniyati birlashtirildi.
300 dan ortiq ijodkor ishtirok etdi

Tadbirda 100 dan ortiq musiqachi hamda 200 dan ziyod raqqos va xonanda qatnashdi.
Tomoshabinlarga harbiy chiqishlar, sahnalashtirilgan raqslar, opera, milliy liboslar va turli madaniy dasturlar namoyish etildi.
Marosim davomida davlat madhiyasi hamda FIDE madhiyasi O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan xori va Davlat xor kapellasi tomonidan ijro etildi.
Abdulla Aripov prezident tabrigini yetkazdi

Ochilish marosimining rasmiy qismida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigini yetkazdi.
Shundan so‘ng FIDE muvaqqat prezidenti va besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand nutq so‘zladi.
Birinchi tur uchun ranglar aniqlandi

Marosimning muhim qismlaridan biri birinchi tur uchun oq va qora donalarni aniqlash bo‘ldi.
Qur’a tashlash marosimida ayollar o‘rtasida sobiq jahon chempioni Chju Chen va o‘zbekistonlik taniqli shaxmatchi Rustam Qosimjonov qatnashdi.
Natijada ayollar bahsida eng yuqori reytingli jamoaga oq donalar, ochiq turnirda esa eng yuqori reytingli jamoaga qora donalar tushdi.
Dronlar va 3D-shou namoyish etildi

Tomoshabinlarda ayniqsa 3D-vizual mapping va dronlar shousi katta taassurot qoldirdi. Tunda osmonda shaxmat donalari va turli yorug‘lik tasvirlari namoyish etildi.
Marosim yakunida esa musiqa va raqslar ostida yuzlab shaxmatchilar sahnaga chiqdi. Tadbir feyerverk bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bibisara Assaubayeva Samarqanddagi shaxmat olimpiadasi ochilish marosimini baholagandi. Assaubayeva o‘zining Instagram sahifasida tadbir davomida olingan suratlarni e’lon qildi. Ularda ochilish marosimidan lavhalar, shuningdek, dronlar yordamida yaratilgan shaxmat donalari va O‘zbekiston bayrog‘i tasvirini ko‘rish mumkin.