Tibbiyot ta’limida minimal o‘tish ballari oshiriladi

eʼlon qilindi
“Tibbiy hamrohlik ishi” mutaxassisligi paydo bo‘ladi
Tibbiyot ta’limida minimal o‘tish ballari oshiriladi
Foto: Oliygoh.uz

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash talablari kuchaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlaridan o‘tish uchun minimal ballar belgilanadi, ayrim qisqa muddatli ixtisoslashtirish shakllari bekor qilinadi.

Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan hamshiralik yo‘nalishi negizida yangi tibbiy hamrohlik mutaxassisliklari joriy etiladi.

Bakalavriatga kirish uchun kamida 60 foiz ball talab qilinadi

2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlariga, shu jumladan maqsadli qabul doirasida, kirish uchun minimal chegara belgilanadi.

Unga ko‘ra, abituriyent kirish imtihonida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballning kamida 60 foizini olishi kerak bo‘ladi.

Shifokorlar uchun o‘tish bali 70 foiz etib belgilanadi

2026/2027 o‘quv yilidan bakalavriat, magistratura va rezidentura dasturlarida har bir o‘quv modulini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlaridan o‘tish uchun minimal ko‘rsatkichlar belgilanadi.

Shifokor mutaxassisliklari uchun minimal o‘tish bali eng yuqori ballning 70 foizini, o‘rta tibbiyot xodimlari mutaxassisliklari uchun esa 60 foizini tashkil etadi.

Qisqa muddatli ixtisoslashtirish kurslari bekor qilinadi

Yangi tartibga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika sohasida qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari yoki dasturlari orqali ixtisoslashgan tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha mutaxassislik olish amaliyoti bekor qilinadi.

Shuningdek, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari — internaturaga qabul ham to‘xtatiladi.

«Tibbiy hamrohlik ishi» mutaxassisligi paydo bo‘ladi

2027/2028 o‘quv yilidan hamshiralik ishi kasbiy ta’lim mutaxassisligi negizida «tibbiy hamrohlik ishi» mutaxassisligi joriy etiladi.

Oliy hamshiralik ishi bakalavriat yo‘nalishi negizida esa «oliy tibbiy hamrohlik ishi» bakalavriat yo‘nalishi tashkil qilinadi. Mazkur yo‘nalishlarni tamomlagan xotin-qizlarga hamshira, erkaklarga esa tibbiyot og‘asi kvalifikatsiyasi beriladi.

Avvalroq «Kursiv» stomatologiya talabalari uchun poliklinikalar biriktirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek