Toshkent va Manama o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekiston va Bahrayn turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, sayyohlar oqimini oshirish hamda Toshkent va Manama o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi. Bu haqda Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov va Bahrayn turizm vaziri Fotima Al-Sayrafiy o‘rtasidagi uchrashuvda so‘z bordi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish va sayyohlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
Shuningdek, marketing tadqiqotlari, turizm statistikasi va asosiy tendensiyalar bo‘yicha muntazam axborot almashish rejalashtirilmoqda.
To‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar muhokama qilindi
Muzokaralarda Toshkent va Manama shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, o‘qing: Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yiladi
Tomonlar turizm sohasi vakillari va jurnalistlar uchun o‘zaro infotur va press-turlar tashkil etishni davom ettirishga kelishib oldi. Bahrayn tomoni 25–27-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Ipak yo‘lida turizm» xalqaro turizm yarmarkasiga ham taklif qilindi.
Shuningdek, Bahrayn vakillariga 2027-yilni Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili deb e’lon qilishga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashish taklif etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Ammon o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilayotgani haqida xabar berilgandi.