Tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanadi

eʼlon qilindi
Ikki yillik o‘quv dasturlariga qabul bekor qilinadi
Tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanadi
Foto: Yuz.uz

O‘zbekistonda tibbiyot, farmatsevtika va pedagog xodimlarni moddiy rag‘batlantirishning yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Yangi farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan ayrim tibbiyot xodimlari va pedagoglarga bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oylik ustamalar to‘lanadi.

Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimida ham qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Ikki yillik o‘quv dasturlariga qabul bekor qilinadi

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik o‘quv dasturlariga qabul to‘xtatiladi.

Shu bilan birga, «oliy tibbiy hamrohlik ishi» bakalavriat yo‘nalishida kadrlar tayyorlash uchun rivojlangan xorijiy davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.

«Tibbiy hamrohlik ishi» mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash maqsadida esa magistratura dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Bakalavriatni tugatgan hamshiralarga bir baravar ustama beriladi

2027-yil 1-yanvardan bakalavriat bosqichini tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravari miqdorida har oylik ustama belgilanadi.

Mazkur ustama ularning bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda to‘lanadi.

Magistraturani bitirganlarga ikki baravar ustama

Magistratura bosqichini tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi. Bu bilan yuqori malakali o‘rta tibbiyot xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Oilaviy shifokorlarga to‘rt baravar ustama

Oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining to‘rt baravari miqdorida ustama beriladi.

Shuningdek, shu yo‘nalishda magistraturani tamomlagan pedagog xodimlar ham xuddi shunday miqdordagi har oylik ustama olish huquqiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan tibbiyot ta’limida minimal o‘tish ballari oshirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek