31 sotix yer uchun 9,5 ming dollar so‘raganlar qo‘lga olindi

Farg‘onada 31 sotix yerni turarjoy sifatida rasmiylashtirish uchun $9,5 ming so‘ralgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
31 sotix yer uchun $9,5 ming talab etilgan
Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston tumani kadastr bo‘limi mutaxassisi «Avg‘on» MFY hududidagi 31 sotix noturar yer maydonini tanishi orqali turar joy sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga $9,5 ming talab qilingani aytilmoqda.
$5 ming olayotganda ushlandi
Tezkor tadbir davomida kadastr bo‘limi mutaxassisi kelishilgan pulning $5 mingini olayotgan vaqtida ushlangan.
Tadbir davom ettirilgach tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i ham mazkur $5 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Departament ma’lumotida bo‘lim boshlig‘i avval sudlangan shaxs ekani qayd etilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi – firibgarlikka suiqasd qilish hamda 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Surxondaryoda yer olib berishni va’da qilgan ikki mansabdor ushlangani haqida yozgan edi.