Namanganda alimentdan qarzi bor ota tungi klubdan topildi

Namangan viloyatida aliment qarzdorligi sabab qidiruvga berilgan fuqaro Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan tungi klubdan topildi. U uzoq vaqt davomida farzandlari ta’minoti uchun belgilangan aliment majburiyatini bajarmagan. Bu haqda Kursiv Uzbekistan‘ga Majburiy ijro byurosining matbuot xizmati xabar berdi.
Aliment qarzdori tungi klubdan topildi
Holat MIBning Namangan viloyatida olib borgan qidiruv tadbiri davomida aniqlangan. Chust tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqaro uzoq vaqt davomida aliment to‘lash majburiyatini bajarmagani sababli qidiruvga berilgan.
MIB xodimlari uni qidirish davomida tungi klubda ekanini aniqlagan va fuqaro tegishli tartibda topilgan.
Aliment to‘lash majburiyati saqlanib qoladi
Qidiruvdagi shaxsni aniqlashda uning qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, turli manzillar tekshiriladi. Bu safar qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro tungi klubdan aniqlangan.
Qayd etish joiz, Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘onada tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi.
Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida, shifer ortidan topilgan. Samarqand viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota shkaf ichidan chiqqan. Navoiy viloyatining Karmana tumanida esa 2 yil davomida aliment to‘lamay 71 mln so‘m qarz bo‘lgan ota tandir ichidan topilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri aliment to‘lovchilar uchun xorijda ishlash imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edi.