Xitoyda kirish-chiqish qoidalari kuchaytirildi

Xitoyda 15-sentabrdan mamlakatga kirish va undan chiqish tartiblarini kuchaytiruvchi yangi qoidalar kuchga kirdi. Unga ko‘ra, migratsiya idoralari safar maqsadini tasdiqlovchi hujjatlar va elektron ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda so‘rashi mumkin.
Safar maqsadi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot so‘raladi
Davlat kengashining yangi reglamentiga ko‘ra, Xitoy fuqarolari va mamlakatga kirish yoki chiqishni rejalashtirayotgan boshqa shaxslarning safar, qolish yoki yashash maqsadi haqiqiy va qonuniy bo‘lishi kerak.
Migratsiya organlari shaxsni va safar maqsadini tekshirish vaqtida tegishli hujjatlar, ma’lumotlar hamda elektron ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilishi mumkin. Yolg‘on ma’lumot yoki hujjat taqdim etilgan taqdirda chiqish yoki kirishga ruxsat berilmasligi mumkin.
Xitoy fuqarolarining chetga chiqishiga ham cheklovlar joriy etiladi
Yangi tartib ayrim holatlarda Xitoy fuqarolarining mamlakatdan chiqishini vaqtincha cheklash imkonini beradi.
Jumladan, xorijda huquqbuzarlik sodir etgan yoki milliy xavfsizlik va manfaatlarga zarar yetkazgan fuqarolarga 6 oydan 3 yilgacha chetga chiqish taqiqi qo‘yilishi mumkin.
Eksport nazorati yoki texnologiyalar import-eksporti qoidalarini buzib, mamlakat sanoat yoki texnologik xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ham chiqishi cheklanishi mumkin.
Chet elliklarga 5 yilgacha kirish taqiqi
Xitoyga viza olish yoki chegaradan kirish vaqtida yolg‘on hujjat yoki yolg‘on ma’lumot taqdim etgan xorijiy fuqarolarga 1 yildan 5 yilgacha mamlakatga kirish taqiqlanishi mumkin.
Shuningdek, noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vositachilik xizmatlariga yangi talablar joriy qilinadi. Bunday xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi, soxta hujjatlar tayyorlash yoki noqonuniy rasmiylashtirishga ko‘maklashish taqiqlanadi.
Xavfli davlatlarga borish bo‘yicha ogohlantirishlar beriladi
Yangi reglament Xitoy fuqarolarining xorijga chiqish xavfsizligini baholash tizimini ham kuchaytiradi.
Tegishli davlat organlari urush yoki qurolli mojaro, tabiiy ofatlar, texnogen falokatlar, yuqumli kasalliklar va boshqa xavf omillarini hisobga olib, xorijdagi davlat va hududlar bo‘yicha xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qiladi.
Migratsiya idoralari yuqori xavfli hududlarga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni tavsiya qilishi, ayrim hollarda esa safardan qaytarishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonning Tailanddagi bosh konsulxonasi 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga vizasiz kirish tartibi bekor qilinishini ma’lum qilgandi.