Donald Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari bilan Eron masalasini muhokama qiladi

eʼlon qilindi
Netanyaxu ham Tramp bilan uchrashmoqchi
Donald Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari bilan Eron masalasini muhokama qiladi
Foto: Brendan Smialowski/AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Nyu-Yorkda Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan Eron atrofidagi vaziyat va urushdan keyingi strategiyani muhokama qilishi kutilmoqda.

Axios’ning muzokaralardan bevosita xabardor uch manbaga tayanib yozishicha, uchrashuv 22-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Unda Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashiga a’zo Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Bahrayn, Kuvayt va O‘mon rahbarlari yoki tashqi ishlar vazirlari qatnashishi mumkin. Keyinchalik uchrashuv doirasi boshqa arab va musulmon davlatlari vakillari hisobiga kengaytirilishi ham ehtimoldan xoli emas.

Urushdan keyingi reja muhokama qilinadi

Axios manbalariga ko‘ra, muzokaraning asosiy mavzularidan biri Eron bilan urush yakunlangach, mintaqada qanday siyosat yuritish masalasi bo‘ladi. Tramp ma’muriyati hozir urushdan keyingi davr uchun alohida strategiya ustida ishlamoqda.

Tramp 16-sentabr kuni Eron bilan urush «yakuniga yaqinlashayotganiga umid» bildirgan va Tehron kelishuvga erishishni istayotganini aytgan. Reuters ham AQSh prezidenti Fors ko‘rfazi mamlakatlari vakillari bilan urushdan keyingi qadamlarni muhokama qilishi kutilayotganini yozdi.

Fors ko‘rfazi davlatlari mojaro davomida bevosita iqtisodiy va xavfsizlik xatarlariga duch kelgan. Ayrim mamlakatlardagi AQSh harbiy obyektlari hujumlarga uchragan, neft va gaz eksportidagi uzilishlar esa mintaqa iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirgan.

Netanyaxu ham Tramp bilan uchrashmoqchi

Axios ma’lumotiga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham BMT Bosh Assambleyasi vaqtida Tramp bilan uchrashishni istamoqda. Biroq hozircha bunday muzokara rasman belgilangan emas.

AQSh Davlat departamenti Fors ko‘rfazi davlatlariga uchrashuv bo‘yicha dastlabki taklifnomalarni 16-sentabr kuni yuborgan. Oq uy esa rejalashtirilayotgan muzokaralar yuzasidan hozircha izoh bermadi.

Avvalroq «Kursiv» AQSh kosmosda ham qurol joylashtirganini ilk bor tan olgani haqida yozgan edi.

Shuningdek