Tibbiyot xodimlari uchun yangi uzluksiz ta’lim tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun yangi uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi joriy qilinadi. Oliy ma’lumotli mutaxassislar yiliga kamida 50, o‘rta bo‘g‘in xodimlari esa kamida 28 kredit to‘plashi shart bo‘ladi.
Malaka oshirish kredit-modul tizimiga o‘tkaziladi
Yangi tizim doirasida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish kredit-modul tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Uzluksiz ta’lim dasturlarini tegishli akkreditatsiyadan o‘tgan davlat va nodavlat ta’lim hamda tibbiyot tashkilotlari, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari amalga oshiradi.
An’anaviy o‘qitish shakllari bilan bir qatorda masofaviy, kechki va bevosita ish jarayoniga moslashtirilgan boshqa ta’lim shakllari ham joriy qilinadi.
Shuningdek, o‘qing: Tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanadi
Tibbiyot xodimlari ta’lim dasturini o‘zi tanlaydi
Qarorga ko‘ra, oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari yiliga kamida 50 kredit hajmida malaka oshirishi shart bo‘ladi.
O‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun esa yillik minimal ko‘rsatkich 28 kredit etib belgilanadi.
Shuningdek, mutaxassislarga uzluksiz ta’lim provayderini, o‘qish shakli va malaka oshirish dasturlarini mustaqil tanlash huquqi beriladi.
Yangi Kasbiy rivojlanish markazi tashkil etiladi
2026-yil 15-noyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi «Tibbiy ta’limda o‘quv resurslarini yaratish va rivojlantirish markazi» faoliyati tugatiladi.
Uning o‘rnida davlat muassasasi shaklida Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi tashkil etiladi. Markaz tibbiyot sohasida uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini muvofiqlashtirish va mahalliy akkreditatsiya jarayonlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish bekor qilinishi haqida yozgan edi.