Toshkentdagi 15 ta ko‘chada kommunal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda

Toshkent shahridagi 15 ta ko‘chada ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilmoqda. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu ishlar ayrim hududlarda transport oqimiga qisman ta’sir qilishi mumkin.
Veolia Energy Tashkent tomonidan Muqimiy, Ohangrabo, Beshariq, Gulnora 1-tor, Qorasuv, Amir Temur shoh, Muhammad Yusuf, Mirzo Ulug‘bek, Qatortol 1-tor va Oqqo‘rg‘on ko‘chalarida ishlar olib borilmoqda.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Asrlar sadosi ko‘chasida, «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ esa Labzak, Sultonali Mashhadiy va Birlashgan ko‘chalarida ishlamoqda.
Toshkent shahar elektr tarmoqlari MChJ tomonidan Vosit Vohidov ko‘chasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Zarurat tug‘ilganda ayrim harakat tasmalari vaqtincha yopilishi mumkin.
Eng tig‘iz vaqtlar ma’lum qilindi
Ertalab soat 07:00 – 08:00 oralig‘ida poytaxt yo‘llarida 307,9 mingta transport vositasi harakatlangan.
Kechki soat 17:00 – 18:00 oralig‘ida esa bu ko‘rsatkich 326,9 mingtaga yetgan.
Ertalab soat 08:00 – 09:00 oralig‘ida 9 ta chorrahada tirbandlik darajasi 7 ballga yetgan. Kechki soat 18:00 – 19:00 oralig‘ida esa 10 ta chorrahada shunday holat kuzatilgan.
Avtobus va metrodan qancha yo‘lovchi foydalandi
Shuningdek, o‘qing: Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasi oshirilishi mumkin
15-sentabr kuni 1,7 mingta avtobus 170 ta yo‘nalish bo‘yicha 22,2 mingta qatnovni amalga oshirdi.
Avtobuslarda jami 1,5 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Toshkent metropolitenidan esa 1,2 mlnga yaqin yo‘lovchilar foydalangan.
Eng yuqori yo‘lovchi oqimi «Chinor», «Sergeli», «Choshtepa», «Olmazor», «Chilonzor», «Buyuk Ipak yo‘li», «Do‘stlik» va «Beruniy» metro bekatlarida qayd etilgan.
Tirbandlikni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda
Tirbandlik kuzatilgan hududlarda svetoforlar ish rejimi o‘zgartirilib, ayrim yo‘nalishlarda yashil chiroq vaqti uzaytirilgan.
Shuningdek, transport harakatini tartibga solish uchun ayrim chorrahalarga YPX xodimlari jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metropoliteni gavjumlikni dunyoning boshqa yirik shaharlari metrosida ham kuzatilishini bildirgandi. Xususan, Moskva, Sankt-Peterburg va Minskda ham ish hamda o‘qish boshlanadigan hamda tugaydigan vaqtlarda yo‘lovchilar soni sezilarli oshishi qayd etildi.