AQSh Federal rezervi asosiy stavkani 4 foizgacha oshirdi

AQSh Federal rezerv tizimi (Fed) 16-sentabr kuni asosiy foiz stavkasini 0,25 foiz bandga oshirib, yillik 3,75 – 4 foiz oralig‘ida belgiladi. Bu Fedning 2023-yil iyulidan buyon stavkani birinchi marta oshirishi bo‘ldi. Qaror Federal ochiq bozor qo‘mitasi tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Inflyatsiya hali ham yuqori
Fed qarorini AQShda inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qolayotgani bilan izohladi. Regulyatorning maqsadi inflyatsiyani 2 foizlik ko‘rsatkichga qaytarish.
Shu bilan birga, AQSh iqtisodiyoti barqaror sur’atlarda o‘sayotgani, ichki xarajatlar mustahkamligi, investitsiyalar yuqori bo‘lib qolayotgani va ishsizlik darajasi katta o‘zgarish ko‘rsatmagani qayd etildi.
Geosiyosiy vaziyat narxlarga bosim qilmoqda
Fed bayonotida geosiyosiy voqealar iqtisodiy noaniqlikni kuchaytirayotgan omillardan biri sifatida ko‘rsatildi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojaro fonida energiya narxlarining oshishi AQShdagi inflyatsion bosimni ham kuchaytirgan.
Biroq Fed stavkani oshirish qarorini birgina geosiyosiy omil bilan izohlamadi. Qarorda yuqori inflyatsiya, kuchli ichki talab va umumiy iqtisodiy vaziyat ham hisobga olingan.
Yil oxirigacha yana bir marta stavka oshishi mumkin
Shuningdek o‘qing: 15-sentabrdan dollar va boshqa valyuta kurslarini belgilash tartibi o‘zgardi
Fed vakillarining yangi prognozlariga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha yana bitta foiz stavkasi oshirilishi kutilmoqda. 2027-yilda esa stavkani hozirgi yuqori darajalarda saqlash prognoz qilingan.
Fed raisi Kevin Warsh inflyatsiya uzoq vaqt davomida yuqori bo‘lib kelayotganini va regulyatorning asosiy e’tibori narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar berilgandi. Bank buni inflyatsiya pasayayotganiga qaramay, narxlar o‘sishini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan xavflar saqlanib qolayotgani bilan izohladi.