Tramp Kanada sabab Yevropa Ittifoqiga yangi bojlar bilan tahdid qildi

eʼlon qilindi
Tramp savdoni cheklash bilan tahdid qildi
Tramp Kanada sabab Yevropa Ittifoqiga yangi bojlar bilan tahdid qildi
Fotio: Pexels

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaga Yevropa Ittifoqining ilk «assotsiatsiyalashgan a’zosi» maqomini berish g‘oyasiga qarshi chiqdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 16-sentabr kuni Strasburgdagi yillik nutqida Kanada uchun yangi formatdagi hamkorlikni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada Yevropa Ittifoqining birinchi «assotsiatsiyalashgan a’zosi» bo‘lishi mumkin. Bunday maqom hozircha YI huquqiy tizimida mavjud emas va uni alohida ishlab chiqish talab qilinadi. Reuters ham bu tashabbus hozircha aniq huquqiy shaklga ega emasligini qayd etdi.

Tramp savdoni cheklash bilan tahdid qildi

Tramp jurnalistlarga bergan izohida Kanada bilan bunday yaqinlashuvni AQSh manfaatlariga qarshi qadam sifatida ko‘rishi mumkinligini bildirdi.

«Agar ular buni qilsa va men buni qandaydir dushmanona harakat deb hisoblasam, Yevropaga juda jiddiy bojlar qo‘yaman yoki ko‘plab yo‘nalishlarda savdoni to‘xtataman», – dedi AQSh prezidenti.

U Kanada uchun YI bilan assotsiatsiyalashgan a’zolik g‘oyasini ham «kulgili» deb atadi.

Kanada va YI hamkorlikni kuchaytirmoqchi

Fon der Lyayenning taklifiga ko‘ra, Kanada va Yevropa Ittifoqi mudofaa, energetika, texnologiyalar, sun’iy intellekt, kritik xomashyo va ta’minot zanjirlari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishi mumkin. Yevropa Komissiyasi rahbari bunday hamkorlik «hech kimga qarshi qaratilmaganini», balki tomonlarning umumiy salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilishini aytdi.

Kanada bosh vaziri Mark Karni Yevropa bilan yanada yaqin ittifoq tarafdori ekanini bildirdi, biroq hozircha «assotsiatsiyalashgan a’zolik» maqomini olish bo‘yicha rasmiy ariza yoki yakuniy kelishuv yo‘q.

AQSh va Kanada o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan

Kanada va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi davrda savdo masalalari sabab keskinlashgan. DW ma’lumotiga ko‘ra, Kanada Tramp ma’muriyatining tarif siyosatidan zarar ko‘rgan davlatlardan biri bo‘lgan, keyinchalik esa ikki tomon o‘rtasidagi savdo muzokaralari ham uzilgan.

Avvalroq «Kursiv» AQSh Federal rezervi asosiy stavkani 4 foizgacha oshirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek