Samarqand va Sirdaryoda noqonuniy «Umra» xizmati taklif qilgan shaxslar ushlandi

Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida «Umra» ziyoratini tashkil etish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar pul olayotgan vaqtida ushlandi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyatining Payariq tumanida faoliyat yurituvchi aviakassa rahbari mahalliy fuqaroni Saudiya Arabistoniga «Umra» ziyoratiga yuborish evaziga $1 150 talab qilgan.
Ma’lum qilinishicha, u bunday xizmatni tashkil etish huquqiga ega bo‘lmagan. Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sirdaryoda uch kishidan $3 150 talab qilingan
Sirdaryo viloyatida esa Guliston tumanida yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan shaxs uch nafar fuqaroni Toshkentdagi turistik firma orqali «Umra» ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. U buning evaziga jami $3 150 talab qilgani aytilmoqda.
Tezkor tadbir davomida mazkur shaxs ushbu mablag‘ning bir qismi sifatida oldindan 3,5 mln so‘m olayotgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan. Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Surxondaryoda Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i ushlangani haqida yozgan edi.