Saida Mirziyoyeva tadbirkorlarni Yangi Toshkentga sarmoya kiritishga chaqirdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yangi Toshkentdagi qurilish jarayonlari bilan tanishib, tadbirkorlarni yangi shaharda loyihalar amalga oshirish va biznes boshlashga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent hududida zamonaviy bino va inshootlar qurilishi jadal davom etmoqda.
Mirziyoyeva loyiha prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanganini qayd etib, hozir bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilayotganini bildirdi.
«Bu yerga sarmoya kiriting»

Saida Mirziyoyevaning yozishicha, Yangi Toshkent konsepsiyasi britaniyalik me’morlar tomonidan ishlab chiqilgan va u kelgusi o‘n yilliklardagi rivojlanish uchun asos yaratishi ko‘zda tutilgan.
«Poydevor qo‘yildi, biroq shaharning ertangi kuni qanday bo‘lishi endi bevosita o‘zimizga bog‘liq», — deb yozdi u.
U tadbirkorlarni Yangi Toshkentga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.
«Bu yerga sarmoya kiriting, qurilish qiling, o‘z biznesingizni yo‘lga qo‘ying. Mazkur maskanning istiqboli va imkoniyatlari beqiyos», — dedi Mirziyoyeva.
Shuningdek, u yangi shaharni davlat va biznes hamkorligida rivojlantirishga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» Shayxontohurda yangi bog‘ barpo etilishi haqida yozgan edi.