Antaliyaga fohishalik uchun yuborilayotgan ikki qiz yo‘lda to‘xtatildi

Namangan viloyatida ikki nafar qizni Turkiyaga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborishni rejalashtirgan ikki ayol ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qizlarni Antaliyaga yuborish rejalashtirilgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlatobod tumanida yashovchi 1990 va 1993-yillarda tug‘ilgan ikki ayol mahalliy ikki nafar qizning ishonchiga kirgan.
Ular qizlarni Turkiyaning Antaliya shahriga yuborib, u yerda fohishalik bilan shug‘ullanishini tashkil etish hamda ular topadigan daromadning yarmini o‘zlashtirishni rejalashtirgan.
Shu maqsadda gumonlanuvchilar qizlarni «Toshkent – Antaliya» yo‘nalishidagi reys orqali xorijga jo‘natish uchun poytaxt aeroportiga olib ketayotgan bo‘lgan.
Chust tumanida to‘xtatib qolindi
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avtomobil Chust tumani hududida to‘xtatilgan va qizlarning xorijga chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilardan biri – 1990-yilda tug‘ilgan ayol avval ham xuddi shunday turdagi jinoyatni sodir etgani uchun sudlangan. Hozirda ikki ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Samarqand va Sirdaryoda noqonuniy «Umra» xizmati taklif qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.