O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar emitentlari reytingi joriy etiladi

O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar emitentlarining faoliyatini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Reyting har chorakda e’lon qilinadi
Emitentlar reytingini Istiqbolli loyihalar milliy agentligi har chorak yakunlari bo‘yicha shakllantiradi.
Natijalar Korporativ axborot yagona portali – openinfo.uz’da ochiq e’lon qilinadi. Reyting hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning dastlabki 10 kuni ichida joylashtirilishi kerak.
Shuningdek, emitentlarga o‘z natijalari to‘g‘risida shaxsiy kabinet orqali alohida xabar yuboriladi.
Emitentlar yettita mezon bo‘yicha baholanadi
Reyting emitent faoliyatini aks ettiruvchi yettita mezon bo‘yicha to‘plangan ballar asosida aniqlanadi. Yakuniy natijaga qarab emitentlar to‘rtta toifadan biriga kiritiladi: «A», «B», «C» yoki «D».
Berilgan toifaga qarab emitentga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanishi mumkin. Bunday choralar uch oy davomida amal qiladi.
Yangi tartib uch oydan keyin kuchga kiradi
Nizom emitentlar faoliyatining shaffofligini oshirish hamda qimmatli qog‘ozlar bozorida aksiyadorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanishi haqida yozgan edi.