Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini Kallibek Kamalov xonadonidan boshladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalov xonadoniga borishdan boshladi. Davlat rahbari marhumning xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning el-yurt rivojiga qo‘shgan hissasini yodga oldi.
Marhumning haqqiga duo qilindi
Prezident Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurib, Qur’on tilovatida ishtirok etdi va marhumning haqqiga duo qilindi.
Shavkat Mirziyoyev uning hayot yo‘li, qilgan ezgu ishlari hamda Qoraqalpog‘iston va mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasini esladi.
Davlat rahbari o‘tganlar xotirasiga hurmat ko‘rsatish va katta avlod vakillarini e’zozlash yoshlar uchun muhim ibrat ekanini ta’kidladi.
Kallibek Kamalov uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlagan
Kallibek Kamalov ko‘p yillar Qoraqalpog‘istonda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. U hududda sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash bilan bog‘liq ishlarda qatnashgan.
Keyingi yillarda u nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq ishlarda faol bo‘lgan. Uning xizmatlari «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev ikki kunlik tashrif bilan Qoraqalpog‘istonda bo‘lishi haqida xabar berilgandi.