
O‘zbekistonlik mashhur gimnastikachi Oksana Chusovitina Yaponiyada o‘tkaziladigan Aichi–Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi. 51 yoshli sportchi O‘zbekiston terma jamoasining sport gimnastikasi bo‘yicha ayollar tarkibiga kiritildi.
O‘zbekiston sharafini uch nafar gimnastikachi himoya qiladi
Sport gimnastikasi bo‘yicha ayollar terma jamoasiga Chusovitinadan tashqari Dildora Aripova va Aleksandra Shevchenko ham kiritilgan. Sportchilar musobaqaga murabbiylar Elvira Rakova va Andrey Markelov qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Aichi–Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston tarixidagi eng katta delegatsiya bilan qatnashadi. Mamlakat sharafini 42 ta sport turi bo‘yicha 396 nafar sportchi himoya qiladi.
Osiyo o‘yinlari 19-sentabrda boshlanadi
XX yozgi Osiyo o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar Yaponiyaning Aichi prefekturasi va Nagoya shahrida tashkil etiladi. Ayrim jamoaviy sport turlaridagi bahslar esa rasmiy ochilishdan oldin boshlangan.
O‘yinlarda 45 mamlakat va hududdan qariyb 17 ming sportchi hamda delegatsiya vakili qatnashishi kutilmoqda. Dasturga 43 sport turi kiritilgan va 469 ta medal jamlanmasi uchun bahslar o‘tkaziladi.
Avvalroq «Kursiv» Oksana Chusovitinaga BYD avtomobili topshirilgani haqida yozgan edi.