Qoraqalpog‘istonda 7,8 mln dollarlik parrandachilik korxonasi yiliga 27,5 mln dona tuxum yetishtiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Kegeyli tumanidagi «Kegeyli baraka naslli parranda» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxona 2024-yil 28-iyundagi parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid Prezident qarori asosida tashkil etilgan. Loyihaning umumiy qiymati $7,8 mln bo‘lib, majmua 21 gektar maydonni egallaydi.
Korxona ishga tushirilishi natijasida 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.
200 ming bosh parranda boqish mumkin
Majmuaning umumiy quvvati 200 ming bosh tovuqni tashkil etadi. Hozirda bu yerda 130 ming bosh parranda parvarish qilinmoqda. Korxonada yiliga 27,5 mln dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Ular keyinchalik tovuq va bir kunlik jo‘ja ko‘rinishida sotuvga chiqariladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona Davlat budjetiga 4,8 mlrd so‘m tushum keltirgan.
Sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqariladi
Parrandalarni ozuqa bilan ta’minlash uchun korxonaning o‘zida alohida yem zavodi qurilgan.
Uning sutkalik ishlab chiqarish quvvati 100 tonnani tashkil etadi. Ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan.
Prezident majmuaning nafaqat mahsulot tannarxini pasaytirish, balki hududning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ahamiyatiga ham e’tibor qaratdi.
Afg‘onistonga eksport $1,1 mlnga yetdi

Avval Qoraqalpog‘istonga tovuq va tuxum mahsulotlarining bir qismi mamlakatning boshqa hududlaridan olib kelingan.
Kegeylidagi yangi korxona mahalliy talabni qondirish bilan birga mahsulot eksportini ham yo‘lga qo‘ygan.
2026-yil sentabr oyigacha Afg‘onistonga $1,1 mlnlik mahsulot eksport qilingan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni $1,5 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yana $5 mlnlik fabrika quriladi
Joriy yil oxirigacha yana 8,5 gektar maydonda qiymati $5 mln bo‘lgan yangi parrandachilik fabrikasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Loyiha yakunlangach, ishlab chiqarish hajmi oshishi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektar intensiv bog‘ tashkil etilishi haqida yozgan edi.