Toshkentning yangi aeroporti hududidagi 7 ta qabriston ko‘chiriladi

eʼlon qilindi
Quyi Chirchiq tumanida Sergeli mahallasidagi ikkita qabriston ro‘yxatga kiritilgan
Foto: Vikipedia

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarida yangi xalqaro aeroport qurilishi hududiga tushib qolgan yettita eski qabriston boshqa joyga ko‘chiriladi. Qabrlarni ochish vaqtida suyak qoldiqlari aniqlansa, ular belgilangan qabristonlarga qayta dafn etiladi.

Qaysi qabristonlar ko‘chiriladi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning 15-sentabrdagi qarori bilan yangi aeroport qurilishi hududida joylashgan yettita qabristonni ko‘chirish bo‘yicha choralar tasdiqlangan.

Quyi Chirchiq tumanida Sergeli mahallasidagi ikkita qabriston ro‘yxatga kiritilgan:

  • «Sergeli bolalar» qabristoni;
  • koreys qabristoni.

O‘rta Chirchiq tumanidagi Yangi yo‘l mahallasida esa beshta qabriston ko‘chiriladi:

  • «Suvon bag‘ish» musulmon qabristoni;
  • «Qudoyqul» musulmon qabristoni;
  • «Qudoyqul» koreys qabristoni;
  • «Sariqtepa» koreys qabristoni;
  • «Boris» rus xristian qabristoni.

Hujjatga ko‘ra, ushbu qabristonlarda ko‘p yillardan beri yangi dafn marosimlari o‘tkazilmagan.

Qabrlar ochilganda nima bo‘ladi

Qabristonlarni ko‘chirish jarayonida qabrlar belgilangan tartibda ochiladi. Agar ulardan inson suyaklari topilsa, qoldiqlar ehtiyotkorlik bilan yig‘ilib, boshqa qabristonlarga qayta dafn qilinadi.

Jarayon sanitariya-epidemiologik, ekologik va diniy talablarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak. Tuman hokimliklariga marhumlarning yaqinlari va mahalliy aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish ham topshirilgan.

Qoldiqlar qayerga ko‘chiriladi

Har bir qabriston uchun yangi dafn joylari ham belgilangan.

«Sergeli bolalar» qabristonidagi qoldiqlar Quyi Chirchiq tumanidagi «Shardara» qabristoniga olib boriladi. Sergelidagi koreys qabristonidan topilgan qoldiqlar esa shu hududdagi rus – koreys qabristoniga qayta dafn etiladi.

O‘rta Chirchiq tumanidagi «Suvon bag‘ish» va «Qudoyqul» musulmon qabristonlaridan topilgan qoldiqlar «Zaynab ona» qabristoniga ko‘chiriladi.

«Qudoyqul» va «Sariqtepa» koreys qabristonlari hamda «Boris» rus xristian qabristonidan topilgan qoldiqlar esa Taraqqiyot mahallasidagi koreys qabristoniga qayta dafn qilinadi.

Ko‘chirish xarajatlarini kim qoplaydi

Qabristonlarni ko‘chirish, eksgumatsiya, qayta dafn qilish, yangi hududlarni tayyorlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar yangi aeroport loyihasi doirasida qoplanadi.

Qarorga ko‘ra, ushbu xarajatlarni aeroport loyihasidagi xususiy hamkor moliyalashtiradi. Jarayonning sanitariya talablariga muvofiqligini tegishli sanitariya-epidemiologiya xizmati nazorat qiladi.

Yangi aeroport qachon ishga tushadi

«Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida barpo etilmoqda. Loyihaning maydoni qariyb 1 310 gektarni tashkil etadi.

Birinchi bosqichda ikkita 4 kilometrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metrlik yo‘lovchi terminali, samolyotlar uchun to‘xtash joylari, yoqilg‘i majmuasi va dispetcherlik minorasini qurish rejalashtirilgan.

Aeroportni 2030-yil oxirigacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Ishga tushgach, majmua yiliga 20 mln nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Oʻzbekistonning xalqaro aeroportlari aviatsiya xavfsizligini kuchaytirishga moʻljallangan zamonaviy koʻrik uskunalari bilan jihozlanishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek