100 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor yangi mushuk turi aniqlandi

eʼlon qilindi
Leopardus tilkayo deb nomlangan hayvon Yungas o‘rmonlarida yashaydi
Foto: National Geographic

Boliviyada olimlar 100 yildan ortiq vaqt ichida fan uchun mutlaqo yangi mushuksimon turini aniqladi. Leopardus tilkayo deb nomlangan hayvon Yungas o‘rmonlarida yashaydi va uning yangi tur ekani zamonaviy genetik tahlillar orqali tasdiqlangan. Bu haqda National Geographic xabar berdi.

Mushukni avval oddiy uy hayvoni deb o‘ylashgan

Bu hayvon olimlar e’tiboriga 2016-yilda tushgan. O‘sha paytda Boliviyada yashovchi bir erkak o‘rmon yaqinidagi yo‘ldan mushuk bolasini topib, uni uyiga olib ketgan. Taxminan bir yil o‘tgach, hayvon yovvoyi ekanini anglab, uni Senda Verde qo‘riqxonasiga topshirgan.

Biolog Paola Nogales-Askarrunz hayvonni ko‘rgach, uning odatiy uy mushugidan ancha kichik ekanini, yuzi kichik va quloqlari kalta-yumaloq shaklda ekanini payqagan. Eng asosiy farqlardan biri esa tanasidagi leopardnikiga o‘xshash dog‘lar bo‘lgan.

Dastlab olima uni Leopardus tigrinus – yo‘lbarsmushuklar guruhiga kiruvchi tur deb hisoblagan.

Sir 2019-yilda ochila boshlagan

Nogales-Askarrunz 2019-yilda Boliviyadagi mushuksimon hayvonlar haqida qo‘llanma tayyorlayotganda hayvonning suratlarini Braziliyadagi shu turga oid tasvirlar bilan solishtirgan.

Shunda muhim farq aniqlangan: Boliviyadagi mushukning tanasidagi rozetkasimon dog‘lari Braziliyadagi hayvonlarnikidan sezilarli darajada kattaroq edi.

Keyingi yillarda olimlar uning genomini chuqur o‘rgandi. Braziliya va Belgiya olimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqotda Leopardus turkumiga mansub 38 ta hayvonning to‘liq genomi solishtirildi. Natijada Boliviyadagi hayvon boshqa yo‘lbarsmushuklardan genetik jihatdan alohida ekani aniqlandi.

Yangi turga «tilkayo» nomi berildi

Tadqiqotchilar yangi turni Leopardus tilkayo deb nomlashni taklif qilgan. Bu nom mahalliy aholi orasida hayvon uchun ishlatiladigan «tilkayo» so‘zidan olingan.

Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, tilkayo Boliviyaning And tog‘larining sharqiy yonbag‘irlaridagi Yungas o‘rmon ekotizimida yashaydi. Biroq uning tabiatdagi soni, nima bilan oziqlanishi va ko‘payishi haqida hozircha juda kam ma’lumot bor.

Genetik tahlil yangi turning boshqa yo‘lbarsmushuklardan taxminan 1,4 million yil avval ajralib chiqqanini ko‘rsatgan. Olimlar bu evolyutsion masofani zamonaviy sherlar bilan yo‘qolib ketgan g‘or sherlari o‘rtasidagi farqqa qiyoslagan.

Mushuksimonlar oilasi qayta ko‘rib chiqilmoqda

Yangi tadqiqot Leopardus turkumining tuzilishiga ham oydinlik kiritdi. Ilgari bitta tur deb qaralgan yo‘lbarsmushuklar guruhi endilikda besh xil turdan iborat ekani ko‘rsatilmoqda.

Olimlar zamonaviy genom tahlillari orqali tashqi ko‘rinishda deyarli farq qilmaydigan hayvonlar orasidagi evolyutsion tafovutlarni ham aniqlash mumkinligini ta’kidlamoqda. Tadqiqotchilar ushbu usul kelajakda Afrika va Osiyodagi boshqa kichik yovvoyi mushuksimonlarning ham yangi turlarini aniqlashga yordam berishi mumkinligini qayd etgan.

Yangi turning aniqlanishi tabiatni muhofaza qilish uchun ham muhim. Chunki ilgari bir tur sifatida qaralgan katta hududdagi hayvonlar alohida turlarga ajratilsa, ularning har biri alohida muhofaza maqomi asosida baholanishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq Buyuk Britaniyaning Uels hududida 10 yil avval yo‘qolib qolgan mushuk egasining 30 yoshga to‘lgan kunida topilib, oilasiga qaytarilgandi.

Shuningdek