Qoraqalpog‘istonda 7,6 mlrd dollarlik loyihalar ishga tushirildi

Qoraqalpog‘istonda qiymati 592 mln dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi, yana 7 mlrd dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ular hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va yirik quvvatlar qurilishiga start berish marosimi o‘tkazildi.
Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi hamda 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.
Qo‘ng‘irot tumanida esa Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi bilan hamkorlikda 2,6 mlrd dollarlik, quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish ishlari boshlanmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i tortiladi, uchta 500 kilovoltlik podstansiya quriladi va yana ikkita podstansiya modernizatsiya qilinadi.
Nukusda yangi shifoxona va jamoat transporti loyihalari
Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda 27 mln dollarlik Shayx Xalifa nomidagi 100 o‘rinli shifoxona barpo etildi. Muassasada 80 ta ish o‘rni yaratilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Nukusda jamoat transportini rivojlantirish uchun «SAPSAN TRANS NO‘KIS»ning 20 mln dollarlik loyihasi ishga tushirildi. Dastlab 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan. Yil oxirigacha yana 75 ta elektrobus keltirilishi rejalashtirilgan. Loyihada 200 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston raqamli markazlarga aylantiriladi
Taxiatosh tumanida «Linkwise» korxonasining 150 mln dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Xitoylik hamkorlar bilan Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 mlrd 281 mln dollarlik raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Taxtako‘pir tumanida ham yangi ma’lumotlar markazi barpo etiladi. Nukusda esa chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.
Yo‘llar va yangi ishlab chiqarishlar
Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘lining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 mln dollarni tashkil etadi.
Nukus jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish va depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.
Chimboy tumanida esa koreyalik investorlar bilan qizilmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 mln kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.
Qorao‘zak tumanidagi «Zengibobo» konida 20 mln dollarlik oltin qazib olish korxonasi, Amudaryo tumanida esa 15 mln dollarlik savdo markazi barpo etiladi.
Ijtimoiy sohada hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatadigan shifoxona tashkil qilinmoqda.
Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukusdagi «Do‘stlik» kanali bo‘yida 103 mln dollarlik dam olish, ko‘ngilochar va savdo markazi quriladi.
«Yangi O‘zbekiston» massivi uchun 270 gektar yer ajratildi
Marosim doirasida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan «Yangi O‘zbekiston» turarjoy massivi ham taqdim etildi.
Loyiha uchun 270 gektar maydon belgilanib, hujjatlarni ishlab chiqish boshlangan. Bu hududda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, biznes markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda ko‘ngilochar obyektlar qurilishi rejalashtirilgan.
Prezident hududdagi loyihalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, yangi quvvatlar va investitsiya loyihalari Qoraqalpog‘istonda ish o‘rinlari yaratish, oilalar daromadini oshirish va Orolbo‘yi iqtisodiy salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilishi kerak.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun qiymati 154 mlrd so‘m bo‘lgan zamonaviy majmua tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.