AQSh va Daniya Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Grenlandiyada harbiy ishtirokini oshirishini va orol xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda u 18-sentabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
«Cheklanmagan huquqlar»
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Grenlandiya va o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun orolda barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha cheklanmagan huquqqa ega bo‘ldi.
Shuningdek, «AQSh raqiblari» Vashington roziligisiz Grenlandiyada harbiy bazalar qura olmaydi va strategik investitsiyalarni amalga oshira olmaydi. Tramp bu kelishuv AQSh uchun bepul ekanini alohida ta’kidladi.
«Tarixiy yutuq»

AQSh prezidenti o‘tgan yuz yil davomida hech bir rahbar Grenlandiya masalasini hal qila olmaganini, bu yutuq aynan uning davrida amalga oshganini qayd etdi. Uning aytishicha, AQSh zudlik bilan orolning bir necha hududlarida o‘z harbiy ishtirokini kengaytirishga kirishadi.
«100 yildan ortiq vaqt davomida prezidentlar Grenlandiyaning strategik ahamiyatini anglab kelishgan, biroq ularning HECH BIRI bu borada hech narsa qila olmadi. Men ushbu o‘ta muhim muammoni uzil-kesil hal qilgan prezident bo‘lganimdan faxrlanaman», – dedi Tramp.

Rasmiy munosabatlar
Daniya va Grenlandiya rasmiylari AQSh bilan kelishuvga erishilganini tasdiqladi, biroq rasmiy hujjat imzolanganini ma’lum qilmadi. Kopengagen va Nuuk tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Daniyaning «suvereniteti va hududiy yaxlitligi» hamda Grenlandiya xalqining «o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi» tan olinishi ta’kidlangan.
Avvalroq Kursiv nashri Tramp Grenlandiya aholisining har biriga 1 million dollar bermoqchiligi haqida xabar bergan edi.