Samarqand dunyoni yana birlashtirmoqda

Ba’zan shaharlar asrlar o‘tib o‘zining tarixiy maqsadiga qaytadi. Samarqand hamisha xalqlar uchrashadigan joy bo‘lib kelgan. «Globallashuv» so‘zining o‘zi paydo bo‘lishidan ancha oldin bu shahar dunyoni birlashtirishni bilgan.
Bugun u buni yana amalga oshirmoqda. Bu safar shaxmat taxtasi atrofida.
Tarixdagi eng yirik shaxmat Olimpiadasi aynan shu yerda, qadimiy Samarqandda bo‘lib o‘tayotganida men uchun chuqur ramziy ma’no bor. Ko‘lamni ayniqsa ichkaridan his qilasiz – ulkan majmua bir butun bo‘lib ishlamoqda, mehmonlarga esa katta e’tibor bilan munosabatda bo‘linmoqda.
Bularning barchasi ortida minglab odamlarning oylik mehnatlari yotibdi. Olimpiadani tashkil etishga aloqador bo‘lgan har bir kishiga chin dildan minnatdorchilik bildirmoqchiman.
O‘zbekiston shaxmat dunyosini bu yerda asrlar davomida mehmonni qanday kutib olishgan bo‘lsa, shunday – katta xonadon egasiga xos viqor bilan qabul qilmoqda.
O‘z kuchini his qilgan mamlakat
Bugungi kunda O‘zbekistonni kuzatish juda qiziq. Men bu yerda birinchi marta bo‘lishim emas va har safar o‘zgarishlarni sezaman.
Eng muhim o‘zgarishni statistika bilan o‘lchash qiyin. Yana-da chuqurroq o‘zgarish ko‘zga tashlanadi – odamlar mamlakat kelajagi haqida boshqacha gapirmoqdalar. Mamlakatda o‘zligini his qilishning boshqacha tuyg‘usi paydo bo‘ldi.
Bu sportda juda yaqqol seziladi. Tarixda ilk bor O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqdi. Futbolni chindan ham sevadigan mamlakat uchun bu nima anglatishini tasavvur qilish mumkin.
Shaxmatda esa bundan-da hayratlanarli voqea yuz berdi.
O‘zbekiston yosh terma jamoasining 2022 yilgi Olimpiadadagi g‘alabasi rapid bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov yetishib chiqqan avlod uchun muhim bosqich bo‘ldi. Endi esa Javohir Sindarov da’vogarlar turnirida g‘olib chiqdi va Gukesh bilan jahon toji uchun bahs olib boradi.
Bu natijalarni endi faqatgina noyob iste’dod bilan izohlab bo‘lmaydi. Ularning ortida chempionlarni yetishtirib chiqaruvchi muhit, tizim turibdi.
Shuning uchun Samarqanddagi Olimpiada men uchun mutlaqo qonuniy holatdek tuyuladi. Jahon shaxmati bugungi kunda katta shaxmat tarixi yozilayotgan joyga keldi.
Ishonchim komilki, O‘zbekistonning bugungi yutuqlari – juda uzun yo‘lning boshlanishi xolos. Mamlakat yosh aholi va o‘sib borayotgan iqtisodiyotga ega. Bunga ulkan madaniy teranlik ham qo‘shiladi. Olg‘a intilish istagi juda kuchli sezilmoqda.
Men O‘zbekistonning kelajagiga chin dildan ishonaman. Buni qo‘shni, yaqin mamlakatdan kelgan inson va bu yerda uzoq vaqtdan beri ishlab kelayotgan tadbirkor sifatida aytmoqdaman.
Markaziy Osiyoda shaxmat uchun yangi turtki
Agar xalqlar o‘rtasida haqiqiy yaqinlik mavjud bo‘lsa, qo‘shnilarning g‘alabasi sening ham motivatsiyangga aylanadi.
Qozog‘istonda biz O‘zbekistonda shaxmat bilan nimalar yuz berayotganini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Va o‘ylaymanki, ochiq-oydin aytishimiz mumkin: o‘zbek birodarlarimizning muvaffaqiyatlari bizni ham tezroq harakat qilishga undadi. Qo‘shni mamlakat Olimpiadada g‘olib chiqqanida, yosh shaxmatchilar esa sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlarini mag‘lub eta boshlaganida, beixtiyor o‘zingizga savol berasiz: biz nima qilishimiz kerak?
Men uchun bu savol qaysidir pallada butunlay amaliy tus oldi. Men Qozog‘iston shaxmat federatsiyasiga rahbar bo‘ldim va jamoam bilan birgalikda mamlakatda shaxmatni rivojlantirish bilan ancha chuqurroq shug‘ullana boshladim.
Asta-sekin ko‘proq bolalar loyihalari va yirik xalqaro musobaqalar paydo bo‘ldi. Davlat va biznes shaxmatga ko‘proq e’tibor qarata boshladi, maktablar bilan katta ishlar boshlandi.
Men bunday tarixni juda to‘g‘ri deb hisoblayman.
Markaziy Osiyo o‘z ovozi bilan gapirishni boshlamoqda
Xalqlarimiz o‘rtasida hech qachon haqiqiy insoniy masofa bo‘lmagan. Qozoqlar va o‘zbeklar zamonaviy chegaralar paydo bo‘lishidan asrlar oldin yonma-yon yashagan. Biz oilaga bo‘lgan munosabatda va kattalarga ko‘rsatilgan hurmatda bir-birimizni taniymiz.
Bugungi kunda bu insoniy yaqinlik juda mustahkam davlat poydevoriga ham ega bo‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev o‘rtasidagi munosabatlar mintaqamiz uchun tarixiy ahamiyatga ega.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda diplomatik protokol doirasidan ancha chetga chiqadigan o‘zaro tushunish ham seziladi.
Bizning yetakchilarimiz juda izchil ravishda ishonch hududini yaratmoqdalar. Bu hududlararo va ishbilarmonlik aloqalarida allaqachon sezilmoqda. Asta-sekin bu odamlarning kundalik hayotining bir qismiga aylanib bormoqda.
Kuchli Qozog‘iston va O‘zbekiston bir-biriga kerak. Biz yonma-yon yashayapmiz va farzandlarimiz ham yonma-yon yashaydilar. Hamisha.
So‘nggi yillarda men Markaziy Osiyo uchun o‘ziga xos tarixiy davrni boshimizdan kechirayotganimiz haqida tez-tez o‘ylayman.
So‘nggi yigirma yil ichida mintaqamizga bo‘lgan qarash sezilarli darajada o‘zgardi. Dunyo Markaziy Osiyoga tez-tez e’tibor qaratmoqda, chunki uning iqtisodiy va siyosiy salmog‘i oshib bormoqda. Mintaqaning o‘zida ham manfaatlarning mushtarakligi hissi kuchaymoqda.
Menga bizning bu yangi holatimiz yoqadi va ishonqiragim keladiki, XXI asr mintaqamiz uchun katta yuksalish davri bo‘ladi. Qozog‘iston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyotlari va bugungi kunda munosabatlari juda yuqori darajada bo‘lgan ikki qardosh davlat sifatida bu jarayonda alohida rol o‘ynaydi.
Shaxmatning yangi xaritasi paydo bo‘ldi
Shaxmat ham hayratlanarli darajada xuddi shu o‘zgarishni aks ettirmoqda.
So‘nggi yillarda katta o‘yin geografiyasi sezilarli darajada kengaydi, unga yangi kuchli markazlar qo‘shildi.
Jahon elitasi kengaydi va unda yaqinlargacha kamdan-kam hollardagina shaxmat markazlari sifatida qabul qilingan mamlakatlar tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Bu jarayon ayniqsa Osiyoda yaqqol ko‘rinib turibdi. Hindiston yetakchi davlatlar qatorida o‘zini anchadan beri namoyon etib kelayotgan Xitoy bilan bir qatorda hayratlanarli shaxmat yuksalishini boshdan kechirmoqda. Markaziy Osiyo ham qisqa vaqt ichida jahon shaxmatining eng qiziqarli mintaqalaridan biriga aylandi.
O‘ylaymanki, keyingilari dunyoning boshqa qismlari bo‘ladi. Afrikada yuz millionlab yoshlar yashaydi. Lotin Amerikasi ham ulkan insoniy salohiyatga ega.
Va aynan shu yerda FIDE uchun mutlaqo yangi vazifa yuzaga keladi.
Bola eski shaxmat poytaxtlaridan juda uzoqda joylashgan kichik bir shaharda tug‘ilishi va bir avlod oldin sanoqli kishilargagina nasib etgan bilimlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. U internet orqali muntazam o‘ynashi va kuchli ta’lim olishi mumkin. Xalqaro muhit ancha erta ochiq bo‘lib bormoqda.
Jahon chempioni unvoni uchun bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak matchga e’tibor qarating.
Amaldagi chempion Gukesh Hindiston nomidan qatnashadi. Uning raqibi Javohir Sindarov – O‘zbekiston nomidan. Ikkalasi ham matchni yigirma yoshda boshlaydi va bu jahon chempionatlari tarixidagi jahon toji uchun eng yosh match bo‘ladi.
Bu matchning bosh hamkori Freedom Holding Corp. bo‘lganligi men uchun ayniqsa yoqimli. Men uchun bu yerda juda chiroyli ramz bor. Qozog‘istonda o‘sib ulg‘aygan kompaniya yosh o‘zbek grossmeysteri yosh hindistonlik bilan jahon chempioni unvoni uchun kurash olib boradigan yilning asosiy shaxmat tadbirini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Men – Markaziy Osiyolik tadbirkorman
Ehtimol, bu yerda o‘zim haqimda bir oz gapirib berish o‘rinli bo‘lar. O‘zbekistonda meni biznes orqali bilishadi. Shaxmatdagi pozitsiyamni tushuntirish uchun mening dunyoqarashimni shakllantirgan tajriba haqida ham bir necha so‘z aytish muhim.
Men biznesga ancha erta kirib kelganman. 21 yoshimda asta-sekin Freedom Holding Corp. ga aylangan kompaniyani yaratdim. Bugungi kunda uning aksiyalari Nasdaq birjasida sotilmoqda, guruhning o‘zi esa ko‘plab mamlakatlarda ishlaydi. Uning kapitallashuvi $10 milliarddan oshdi.
Bu yo‘l asta-sekin, ko‘plab qarorlar va yangi urinishlar orqali shakllangan.
Biz yaqin-yaqingacha xalqaro sarmoyadorlar tomonidan katta ehtiyotkorlik bilan qabul qilingan mintaqada o‘sdik. Markaziy Osiyodan chiqqan kompaniya xalqaro bozorda raqobatlasha olishini va zamonaviy texnologik biznes qura olishini isbotlashga to‘g‘ri keldi.
Ehtimol, ko‘p narsalarga bo‘lgan munosabatim shundan kelib chiqqandir.
O‘zini ko‘rsatish imkoniyati naqadar muhimligini va haqiqiy natija qancha vaqt talab qilishini bilaman. Men uchun yana bir muhim saboq shundan iboratki, agar barcha qarorlar bir kishi orqali qabul qilinsa, katta tizimni qurib bo‘lmaydi.
Kompaniya uning ichidagi odamlar o‘sgandagina kuchliroq bo‘ladi. Olmaotadagi rahbar boshqa shahardagi yoki hatto boshqa mamlakatdagi jamoaga ishona olganida va ularning mahalliy muhitni bilishini hurmat qilganidagina.
Shu nuqtai nazardan, Freedom ning O‘zbekistonda rivojlanishi men uchun mutlaqo tabiiy holdir.
Biz bu yerda uzoq vaqtdan beri ishlaymiz va ko‘proq ishlarni amalga oshirishni xohlaymiz. Men o‘zbek bozoriga katta nekbinlik bilan qarayman. Ichki talab ishbilarmonlik faolligi bilan birga o‘sib bormoqda. Mamlakatda o‘z loyihalarini yaratishga tayyor odamlar soni ko‘paymoqda.
Oila va kelajak istiqbollari
Hayotimning yana bir tomoni borki, usiz mening dunyoqarashimni tushuntirish qiyin.
Turmush o‘rtog‘im bilan olti farzandni tarbiyalayapmiz. Katta oila vaqtga munosabatni juda kuchli o‘zgartiradi. U yillar va o‘n yilliklar oldinga qarashga majbur qiladi.
Bu ma’noda shaxmat men uchun sportdan ancha yuqori turadi. Bola yurish qiladi va tez orada uning oqibatlarini ko‘radi. Xato esa taxtaga qaytishga va yana bir bor o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Bu ulg‘ayishning juda halol maktabidir.
Ota sifatida men shaxmatdagi aynan shu ko‘nikmani qadrlayman. Fikrlash va raqibni hurmat qilish odati inson bilan yillar davomida qoladi.
Aynan shuning uchun ham O‘zbekistondagi oilaga bo‘lgan munosabat menga ayniqsa yaqin. Bizning xalqlarimizda xonadon doimo bola mas’uliyat nima ekanligini o‘rganadigan birinchi joy bo‘lib kelgan. Ota-onaga bo‘lgan hurmat, avlodlar rishtasi ulkan ahamiyatga ega. Hatto zamonaviy va tez o‘sib borayotgan Markaziy Osiyo ham ushbu poydevor ustida turishda davom etmoqda.
Shuning uchun men mintaqamizda shaxmatning kelajagi porloq ekanligiga ishonaman.
FIDE’ni qanday ko‘rishni istardim
Aynan shunday tushuncha bilan men FIDE prezidenti lavozimiga o‘z nomzodimni ilgari surdim. Men FIDE odamlarga va milliy federatsiyalarga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi haqida kengroq tasavvurni shakllantirmoqchi edim.
Kampaniya davomida byudjet va turnirlar o‘tkazish haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu masalalar muhim va umumiy vazifaning bir qismidir.
Bugungi kunda FIDE tarkibiga imkoniyatlari turlicha bo‘lgan ikki yuzdan ortiq milliy federatsiyalar kiradi. Ba’zilari ko‘p yillik shaxmat an’analariga va rivojlangan infratuzilmaga tayanadi. Ko‘pchiligi chinakam qiziqqan insonlarning kichik guruhida ushlab turilibdi.
Va ularning barchasi bitta tashkilotning bir qismidir.
Men FIDE da milliy federatsiya o‘z tanlovi va tajribasiga nisbatan hurmatni his qilishini istardim.
O‘zbekistonga o‘zbek shaxmatini qanday rivojlantirish kerakligini uzoqlardan turib tushuntirishning hojati yo‘q. So‘nggi yillardagi natijalarning o‘zi mamlakat o‘z yo‘lini qay darajada yaxshi bilishini ko‘rsatib turibdi. Bu holat Qozog‘istonga ham tegishli.
Xalqaro tashkilotning vazifasi boshqa – federatsiyalar uchun barqaror tayanch yaratish va ularga alohida bir mamlakat mustaqil ravishda qo‘lga kirita olmaydigan imkoniyatlardan foydalanishga yordam berish. Yetakchilikni aynan shunday tushunaman.
Biznesdagi tajribam meni real vaziyatga yaqinroq bo‘lgan odamlarga ishonishga o‘rgatdi. Agar markaz barcha masalalarni hal qilishga urinsa, tizim qo‘pol va harakatsiz bo‘lib qoladi.
Shuning uchun FIDE da men milliy federatsiyalarga bo‘lgan ishonchga tayanishni xohlardim. Kuchli FIDE kuchli federatsiyalardan o‘sib chiqadi.
Rivojlanishni moliyalashtirishga bo‘lgan munosabatim ham shundan kelib chiqadi. U uzoq muddatli va tushunarli bo‘lishi kerak. Federatsiya bolalar bilan ishlashni yoki murabbiylarning yangi avlodini tarbiyalashni boshlaganida, kelgusi kalendar yilidan ham uzoqroq muddatni rejalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Men ko‘p yillardan buyon natijasini darhol olib bo‘lmaydigan loyihalarga sarmoya kiritaman. Shaxmatda ham xuddi shu qonun amal qiladi: haqiqiy o‘zgarishlar sabr-toqatni talab qiladi.
O‘zbekiston buni, ehtimol, ko‘pchilikdan ko‘ra yaxshiroq biladi. Hozirgi chempionlar avlodi ularning birinchi katta g‘alabalaridan ancha oldin boshlangan mehnat tufayli paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston bugun o‘zi erishgan natijalar bilan to‘la asosga ko‘ra faxrlanadi. Shunga o‘xshash o‘z qadr-qimmatini his qilish tuyg‘usi dunyoning boshqa mamlakatlarida ham tobora ko‘zga tashlanib bormoqda.
Xalqaro tashkilotlar ham o‘zgarishi kerak.
FIDE shiori – Gens una sumus, «Biz bir oilamiz». Bu so‘zlar olti farzandning otasi sifatida men uchun ayniqsa tushunarli. Yaxshi oilada inson biladiki, garchi fikrlar turlicha bo‘lsa ham, umumiy dasturxon atrofidagi uning o‘rnini hech kim shubha ostiga qo‘ymaydi.
Men shaxmat oilasini ham xuddi shunday ko‘rishni istardim.
Samarqand va shaxmat kelajagi
Bir necha kundan so‘ng bu yerda, Samarqandda, milliy federatsiyalar FIDE ning kelajakdagi rahbarligi to‘g‘risida qaror qabul qiladilar. Men ularning tanloviga katta hurmat bilan munosabatdaman.
Hozirgi Olimpiada allaqachon dunyoga juda muhim narsani aytib bo‘ldi. Shaxmatning eski xaritasi o‘zgardi va uning yangi markazlaridan biri bugun shu yerda joylashgan.
O‘zbekiston Olimpiadada g‘olib chiqdi va jahon darajasidagi o‘yinchilar avlodini yetishtirdi. Endi ulardan biri shaxmat toji uchun kurashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, mamlakat esa o‘yinimiz tarixidagi eng yirik jamoaviy musobaqaga mezbonlik qilmoqda.
Yonma-yon shaxmat Qozog‘istoni rivojlanmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham tobora ko‘zga tashlanib bormoqda. Va biz bu yo‘ldan birgalikda borayotganimiz haqidagi fikr menga ayniqsa yaqin.
Bugungi kunda prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Qasim-Jomart Toqayev tomonidan mustahkamlanayotgan munosabatlar xalqlarimizning ko‘p asrlik yaqinligiga yangi ko‘lam bag‘ishlab, ikki mamlakat oldida noyob tarixiy imkoniyatni ochib bermoqda.
Ishongim keladiki, yigirma yildan so‘ng farzandlarimiz Markaziy Osiyoni yashash va kelajakni qurish qiziqarli bo‘lgan rivojlanishning tabiiy markazi sifatida qabul qiladilar.
Bugun Samarqandda bo‘la turib, O‘zbekiston erishgan natijalardan chin dildan quvonaman. Va mamlakatlarimiz kelajagiga katta nekbinlik bilan qarayman. Samarqand tarixining o‘zida masofani bir-biriga olib boradigan yo‘lga aylantirish qobiliyati mujassam.
Shu kunlarda shaxmat ushbu tarixning davomiga aylanmoqda.