Parijda o‘g‘irlanganini da’vo qilgan o‘zbekistonlik moliyachi qidiruvga berildi

eʼlon qilindi
Qahramonjon Olimov o‘zining sobiq ish beruvchisini o‘g‘irlashni tashkillashtirishda ayblanib, sirtdan hibsga olingan
Foto: Kakhramon Olimov / LinkedIn

2025-yil yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilganini da’vo qilgan o‘zbekistonlik moliyachi Kaxramonjon Olimov endilikda odam o‘g‘irlashni tashkillashtirishda ayblanib, xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda The Insider nashri xabar berdi.

Soxta o‘g‘irlash va yangi ayblov

Rasmiy ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan, biroq nashr manbasiga ko‘ra, Olimov o‘zining sobiq ish beruvchisi Botir Rahimovni badnom qilish maqsadida Parijdagi o‘g‘irlanish holatini soxtalashtirgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda u Rahimovga nisbatan tuhmat qilish va huquq-tartibot idoralari yordamida uni o‘g‘irlashni tashkillashtirishda ayblanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Rahimov avvalroq Olimovdan o‘ziga tegishli biznes aktivlarini talon-toroj qilgani uchun $200 mlndan ortiq tovon puli talab qilgan.

Parijdagi voqea tafsilotlari

Olimov 2025-yil yozida Parij markazidan o‘g‘irlab ketilgani, qiynoqlarga solingani va $10 mln talab qilinganini bildirgan edi. U qaroqchilarga $5 mln tilxat yozib, $200 ming berishga rozi bo‘lgach, qo‘yib yuborilganini da’vo qilgan.

Biroq noyabr oyidagi jurnalistik surishtiruvlar uning ko‘rsatmalarida qator ziddiyatlarni, xususan, uni o‘g‘irlagan shaxslar bilan o‘zaro do‘stona yozishmalar olib borganini aniqlagan.

Energetika vazirining hibsga olinishi

Ushbu voqealar fonida Olimovga aloqador «QuWatt B.V.» kompaniyasi ishtirokida Surxondaryoda qurilayotgan elektr stansiyasi mojarosi ham e’tiborga tushgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kungi yig‘ilishda loyiha o‘rnini noto‘g‘ri tanlash oqibatida faqatgina gaz tarmog‘ini tortish uchun qo‘shimcha $300 mln xarajat talab etilishini tanqid qilib, sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovni lavozimidan ozod etgan. Shundan so‘ng vazir qamoqqa olingan bo‘lib, u mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri Kaxramonjon Olimovning «Anorbank»dagi ulushi 49,38 foizgacha qisqargani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek