Isroil armiyasi G‘azo va Xon-Yunusdagi uylarni portlatib vayron qildi

Isroil armiyasi G‘azo shahri hamda G‘azo sektorining janubidagi Xon-Yunusda falastinliklarga tegishli uylar va mol-mulklarni portlatib vayron qildi. Anadolu agentligi guvohlar ma’lumotiga tayanib, uchta yirik portlatish amalga oshirilganini xabar qildi.
Portlashlar G‘azo shahridagi Zaytun mahallasining janubi-sharqiy qismi va Xon-Yunusning shimoli-sharqida yuz bergan. Portlatishlarda ishlatilgan moddalar atrofdagi hududlarda kuchli tebranishlarga sabab bo‘lgan, portlash ovozlari esa G‘azo sektorining bir necha qismida eshitilgan.
«Sariq chiziq» hududida ham o‘t ochildi
Guvohlarning aytishicha, Isroil harbiy texnikasi G‘azodagi «sariq chiziq» deb ataluvchi, Isroil nazorati ostidagi hududda vaqti-vaqti bilan o‘t ochgan.
Anadolu bu hodisalarni 2025-yil 10-oktabrda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi buzilishining bir qismi sifatida yoritmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan buyon Isroil harakatlari oqibatida 1 386 falastinlik halok bo‘lgan, 4 784 kishi jarohatlangan. Bu raqamlar Falastin tomoni taqdim etgan ma’lumotlardir.
Nazorat hududi kengayayotgani aytilmoqda
Anadolu xabarida Isroil harbiylari «sariq chiziq»ni belgilovchi beton bloklarni ayrim joylarda ko‘chirayotgani, buning natijasida Isroil nazorat qiladigan va falastinliklarning kirishi cheklangan hududlar kengayayotgani aytilgan.
2023-yil oktabridan buyon G‘azodagi urush oqibatida 73 mingdan ortiq falastinliklar halok bo‘lgani va 174 mingdan ortiq kishilar jarohatlangani haqida G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Donald Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari bilan Eron masalasini muhokama qilishi haqida yozgan edi.