Tramp CNN, MS NOW va Politico nashrlarini Oq uyga kiritishni taqiqlashini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp CNN, MS NOW va Politico nashrlarini Oq uyga kiritishni taqiqlashini ma’lum qildi. U bu haqda Truth Social’dagi postida yozdi. Axios ma’lumotiga ko‘ra, qarorning aniq qamrovi dastlab noma’lum bo‘lib qolgan.
Tramp uch nashrni «soxta yangiliklar» tarqatishda ayblagan va kelgusida boshqa OAVga nisbatan ham shunday choralar ko‘rilishi mumkinligini bildirgan. CNN esa e’londan ko‘p o‘tmay uning jurnalistlari hali ham Oq uyda ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgan.
Taqiq amalda qo‘llana boshladi
20-sentabr kuni MS NOW vakillari o‘z muxbiri va operatori Oq uyga kiritilmaganini ma’lum qildi. Bu Tramp e’lon qilgan cheklovning amalda qo‘llana boshlaganini ko‘rsatadi.
Oq uy matbuot infratuzilmasiga kirish bo‘yicha AQSh sudlarida avval ham bahslar bo‘lgan. Oldingi sud qarorlarida Oq uy jurnalistlar uchun umumiy matbuot imkoniyatlarini yaratganidan keyin akkreditatsiyani asossiz ravishda bekor qila olmasligi va bunday qarorlarda tegishli protseduralarga rioya qilinishi kerakligi qayd etilgan.
Shu bilan birga, Oval kabinet yoki Air Force One kabi cheklangan hududlarga qaysi jurnalistlarni kiritish masalasida Oq uy ma’muriyatining vakolatlari kengroq ekani haqida ham sud qarorlari mavjud.
CNN bilan bahs avval ham bo‘lgan
Trampning CNN bilan Oq uyga kirish masalasidagi mojarosi yangi emas. 2018-yilda uning birinchi prezidentlik davrida CNN muxbiri Jim Akostaning akkreditatsiyasi bekor qilingan edi. Keyinchalik federal sud Oq uyga uning ruxsatnomasini qayta tiklashni buyurgan.
Avvalroq «Kursiv» Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytiruvchi qonunni imzolagani haqida yozgan edi.