Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning singlisi hibsga olindi

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning singlisi Aleema Xonum Lahor shahrida hibsga olindi. U 30 kun muddatga qamoqda saqlanishi belgilangan. Bu haqda Reuters va Pokistonning Dawn nashri xabar berdi.
Aleema Xonumning hibsga olinishi Imron Xon tarafdorlari 27-sentabr kuni Islomobod tomon yurish o‘tkazishni rejalashtirayotgan bir paytda yuz berdi. Namoyish tashkilotchilari sobiq bosh vazirni ozod etishni talab qilmoqda.
Aleema Xonum 30 kunga hibsda qoladi
Lahor ma’muriyati qaroriga ko‘ra, Aleema Xonum 1960-yildagi Jamoat tartibini saqlash to‘g‘risidagi qonun asosida 30 kun muddatga hibsga olingan. U Lahordagi Kot Lakhpat qamoqxonasiga joylashtirilgan.
Hujjatda Aleema Xonum ijtimoiy tarmoqlar va jamoat uchrashuvlari orqali Imron Xon tarafdorlarini safarbar qilayotgani aytiladi. Mahalliy hokimiyat uning omma orasidagi faolligi jamoat tartibiga xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.
Aleema Xonum bilan birga Muhammad Amir ismli shaxsga nisbatan ham 30 kunlik hibs chorasi qo‘llangan.
PTI esa ushbu qarorni tanqid qilib, hibsni noqonuniy deb atadi. Aleema Xonumning o‘g‘li Shahrez Xon ham onasining qayerda ekanini zudlik bilan ma’lum qilishni talab qilgan edi.
27-sentabrga yirik namoyish rejalashtirilgan
Imron Xon asos solgan Pakistan Tehreek-e-Insaf (PTI) partiyasi 27-sentabr kuni mamlakat bo‘ylab namoyish va Islomobodga yurish o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Aksiya ishtirokchilari Imron Xonni qamoqdan ozod qilishni talab etmoqda.
Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi hukumat namoyishning Islomobodga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘rishini bildirgan.
Avvalroq «Kursiv» Pokiston O‘zbekistonga Best Western mehmonxona brendini olib kirmoqchiligi haqida yozgan edi.