Toshkentda qishda yetarlicha isitilmagan uylar tekshirilmoqda

eʼlon qilindi
Yagona isitish metodologiyasi ishlab chiqiladi
Toshkentda qishda yetarlicha isitilmagan uylar tekshirilmoqda
Foto: Pexels

Toshkent shahrida o‘tgan qish mavsumida me’yoriy darajada isitilmagan ko‘p kvartirali uylarni kompleks energiya auditidan o‘tkazish boshlandi. Tekshiruvlar Jahon banki mutaxassislari ko‘magida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Qaysi uylar tekshirilmoqda

Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari boshchiligida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida o‘tgan isitish mavsumida belgilangan me’yoriy talablarga muvofiq isitilmagan ko‘p kvartirali uylar saralab olingan.

21-sentabrdan ushbu uylarda kompleks energiya auditi o‘tkazila boshlandi.

Audit davomida nimalar o‘rganiladi

Tekshiruv doirasida binolarning amaldagi texnik va energetik holati, issiqlik qayerdan yo‘qotilayotgani, tashqi devorlar, tom va yerto‘la qismlari, eshik va derazalar, shuningdek ichki isitish tizimlari o‘rganiladi.

Mutaxassislar issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligini ham baholaydi.

Bundan tashqari, instrumental o‘lchovlar orqali har bir uyda issiqlik yo‘qotilishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar aniqlanadi. Shundan so‘ng ularni bartaraf etish bo‘yicha texnik yechimlar ishlab chiqiladi.

Yagona isitish metodologiyasi ishlab chiqiladi

Energiya auditi natijalari asosida Toshkentdagi ko‘p kvartirali uylarni samarali isitish bo‘yicha yagona metodologiya ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Unda binolarning texnik holati, energiya samaradorligi, issiqlik yo‘qotish darajasi va boshqa ko‘rsatkichlar hisobga olinadi.

Metodologiya qaysi uylarni modernizatsiya qilish zarurligini aniqlash, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.

Energiya auditi nima

Energiya auditi bino yoki inshootda qancha yoqilg‘i-energetika resursi sarflanayotgani va undan qanchalik samarali foydalanilayotganini aniqlashga qaratilgan tekshiruv hisoblanadi.

Uning davomida tegishli ma’lumotlar yig‘iladi, qayta ishlanadi va tahlil qilinadi. Yakunda binoning energiya samaradorligi bo‘yicha xulosa tayyorlanadi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 11,7 ming yo‘lovchiga bayonnoma tuzilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek