Yaponiyada tayfun sabab 1,9 mln kishi evakuatsiya qilinmoqda

Yaponiyada kuchli «Dujuan» tayfuni sabab olti prefekturada 1,9 mln dan ortiq kishilarga evakuatsiya ko‘rsatmasi berildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Yaponiya meteorologiya agentligi ayrim hududlarda rekord darajadagi yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirib, aholini zudlik bilan xavfsiz joylarga ko‘chishga chaqirdi.
Shamol tezligi soatiga 194 kmgacha yetmoqda
«Dujuan» tayfunidagi barqaror shamol tezligi soatiga 130 km atrofida bo‘lib, ayrim paytlarda kuchli shamol tezligi soatiga 194 kmgacha yetmoqda.
Eng murakkab vaziyat Tokio va unga qo‘shni prefekturalarda kuzatilmoqda. Poytaxtda kuchli yomg‘ir yog‘ayotgani, ayrim hududlarda suv toshqini va yer ko‘chkisi xavfi yuqori ekani qayd etilgan.
Meteorologlar vaziyatni hayot uchun bevosita xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan daraja sifatida baholamoqda.
Ko‘chki ostida odam qolib ketgan bo‘lishi mumkin
Kanagava prefekturasining Yokosuka shahrida ko‘chki turar joyni bosib qolgan. Qutqaruvchilar 60 yoshlar atrofidagi ayol vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Kanagavaning Miura shahrida ham bir nechta yer ko‘chkisi sodir bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun Yaponiya mudofaa kuchlaridan yordam so‘ragan.
Miura aholisi uchun to‘rtinchi darajali ko‘chki xavfi e’lon qilinib, hududni tark etish tavsiya etilgan.
Chiba prefekturasida esa chiqindilarni tozalash vaqtida qolib ketgan bir erkak qutqarilib, shifoxonaga olib borilgan.
50 mingdan ortiq xonadon elektrsiz qoldi
Tayfun oqibatida 50 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolgan. Elektr uzilishlari eng ko‘p Chiba prefekturasida qayd etilgan.
Favqulodda xizmatlar kuchli shamol va yog‘ingarchilik sabab elektr tarmoqlarini tiklash ishlari qiyinlashayotganini bildirgan.
300 ga yaqin aviareyslar bekor qilindi
Noqulay ob-havo sabab Yaponiyada qariyb 300 ta aviareys bekor qilingan. Ayrim temir yo‘l qatnovlari, jumladan, tezyurar poyezdlar harakati ham vaqtincha to‘xtatilgan.
Tayfun ommaviy tadbirlar jadvaliga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ayrim konsertlar va Yaponiyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlari doirasidagi musobaqalar keyinga qoldirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Xitoyda dovul sabab 1 mln dan ortiq odamlar evakuatsiya qilingani haqida yozgan edi.