CNN, MS NOW va Politico Tramp ma’muriyatini sudga berdi

AQShning CNN, MS NOW va Politico nashrlari Oq uyga kirish huquqi bekor qilingani ortidan prezident Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga murojaat qildi. OAV vakillari bu qaror AQSh Konstitutsiyasining so‘z va matbuot erkinligini kafolatlovchi Birinchi tuzatishiga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Jurnalistlarning Oq uyga kirish kartalari bloklandi
Mojaro Tramp CNN, MS NOW va Politico’ni Oq uyga kiritmaslik haqida qaror qabul qilganidan keyin kuchaydi. Prezident bu OAVlarni uning ma’muriyati faoliyati haqida yolg‘on va uydirma ma’lumot tarqatishda aybladi.
Shundan so‘ng uch nashr jurnalistlarining Oq uyga kirish kartalari ogohlantirishsiz o‘chirildi va ular prezident qarorgohi hududiga kiritilmadi.
CNN, MS NOW va Politico esa ruxsatnomalarning aynan ularning materiallari mazmuni sabab bekor qilinganini bildirdi. Nashrlar hukumat OAV nima haqida va qanday xabar berishini belgilamasligi kerakligini ta’kidladi.
Ularning fikricha, bunday amaliyotga e’tiroz bildirilmasa, bu matbuot erkinligi va jamoatchilikning hukumat aralashuvisiz mustaqil axborot olish huquqiga tahdid solishi mumkin.
Yirik telekanallar Oq uy tadbirlarini yoritishni to‘xtatdi
Mojaro boshqa yirik AQSh telekanallariga ham ta’sir qildi. CNN Oq uy televideniye pulining doimiy ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Ushbu tizimda ABC, CBS, CNN, Fox News va NBC navbat bilan prezident tadbirlarini suratga olib, videomateriallarni boshqa OAVga ham taqdim etadi.
CNN o‘z navbatidagi vazifasini bajarishiga Oq uy tomonidan ruxsat berilmagach, qolgan yirik telekanallar ham prezident tadbirlarini umumiy yoritishni vaqtincha to‘xtatishga kelishdi. Natijada Oq uy tadbirlaridan televideniye uchun asosiy umumiy videotasvir manbalaridan biri ishlamay qoldi.
CNN 21-sentabr kuni Trampning BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi Nyu-York safarini yoritishi kerak edi, biroq cheklov sabab buni amalga oshira olmadi.
Oq uy va OAV pozitsiyasi qanday
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida ma’muriyat erkin matbuotga qarshi kurashmayotganini, balki u «soxta yangiliklar» deb hisoblaydigan materiallarga qarshi choralar ko‘rayotganini bildirdi.
CNN, MS NOW va Politico esa hukumat mansabdor shaxslari OAVni uning materiallari mazmuni yoqmagani uchungina Oq uyga kirishdan mahrum qila olmasligini ta’kidlamoqda. Da’vogarlar sud ishida Birinchi tuzatish bilan bir qatorda tegishli huquqiy jarayon kafolatlari buzilganini ham ilgari surgan.
Avvalroq Tramp CNN, MS NOW va Politico nashrlarini Oq uyga kiritishni taqiqlashini e’lon qilgani haqida yozgan edi.