Tramp Yaqin Sharqni tiklash uchun qancha mablag‘ ajratadi

eʼlon qilindi
Asosiy maqsad – Hormuz bo‘g‘oziga qaramlikni kamaytirish
Tramp Yaqin Sharqni tiklash uchun qancha mablag‘ ajratadi
Foto: Shutterstock

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqdagi urushda zarar ko‘rgan energetika infratuzilmasini tiklash uchun yangi xalqaro jamg‘armaga $5 mlrd yo‘naltirishni taklif qildi. Bu haqda The Wall Street Journal AQSh va Yaqin Sharq rasmiylari hamda hujjatlarga tayanib xabar berdi.

Tashabbus Eron bilan yetti oy davom etgan urush oqibatida zarar ko‘rgan neft quvurlari, neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa energetika obyektlarini tiklashga qaratilgan.

Jamg‘arma hajmi $10 mlrd bo‘lishi mumkin

Loyiha Partnership for Allied Trust and Construction – PACT nomini olgan. Rejaga ko‘ra, jamg‘armaning umumiy hajmi $10 mlrdni tashkil etadi.

Shundan $5 mlrdni AQSh kiritishi, qolgan $5 mlrd esa Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Bahrayn, Kuvayt, O‘mon, Iroq va Iordaniya tomonidan birgalikda ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Jamg‘armani AQShning Development Finance Corporation federal agentligi boshqarishi rejalashtirilmoqda.

Asosiy maqsad — Hormuz bo‘g‘oziga qaramlikni kamaytirish

PACT doirasida energetika obyektlarini tiklash bilan birga, mintaqa davlatlarining neft va gaz tashishda Hormuz bo‘g‘oziga qaramligini kamaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni ham moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Urush davomida Yaqin Sharqdagi neft quvurlari va qayta ishlash korxonalarining shikastlanishi global energetika bozoriga ham ta’sir ko‘rsatdi. Mutaxassislar mintaqadagi energetika infratuzilmasini to‘liq tiklash xarajatlari o‘nlab milliard dollarni tashkil qilishi mumkinligini qayd etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan CNN, MS NOW va Politico Tramp ma’muriyatini sudga bergani haqida yozgan edi.

Shuningdek