Lutfiy ko‘chasida mikromobillik uchun alohida yo‘lak sinovdan o‘tkazildi

Toshkentning Lutfiy ko‘chasidagi 2,4 kilometrlik qismda velosiped, elektrosamokat, skuter va boshqa mikromobillik vositalari uchun alohida yo‘lak sinov tariqasida tashkil etildi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi pilot loyiha ijobiy natija ko‘rsatganini ma’lum qildi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, mikromobillik vositalari uchun alohida infratuzilma bo‘lmaganda ular yo‘lning qatnov qismida avtomobillar, trotuarlarda esa piyodalar bilan bir hududda harakatlanishga majbur bo‘ladi.
Lutfiy ko‘chasidagi yangi yo‘lak ushbu oqimlarni ajratib, harakatni tartibga solishga xizmat qiladi.
Yo‘laklar avtomobillardan jismonan ajratilishi mumkin
Kelgusi loyihalarda mikromobillik yo‘laklarini maxsus delineatorlar, ajratuvchi va boshqa himoya vositalari yordamida avtomobil harakatidan jismonan ajratish rejalashtirilmoqda.
Bu velosiped va samokat foydalanuvchilari xavfsizligini oshirish hamda transport oqimlari bilan to‘qnashuv xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, o‘qing: Aeroportlar, pulli yo‘llar va logistika markazlari: transport sohasiga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi
Tajriba boshqa ko‘chalarda ham qo‘llanishi mumkin
Lutfiy ko‘chasidagi sinov natijalaridan so‘ng mutaxassislar Toshkentning boshqa ko‘cha va hududlarida ham shunga o‘xshash yo‘laklarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Markaz mikromobillik infratuzilmasini yo‘l sharoiti imkon beradigan hududlarda bosqichma-bosqich rivojlantirishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi OTM atrofida 44 mingta avtomobil harakati kamaygani ma’lum qilingandi.