Toshkentda yo‘lkira narxi oshishi: XDP aholi daromadini hisobga olishni talab qildi

Toshkent shahrida jamoat transporti tariflarini qayta ko‘rib chiqish hamda maktab o‘quvchilari uchun maxsus avtobuslar joriy etish masalasida Xalq demokratik partiyasi o‘zining qat’iy ijtimoiy pozitsiyasini bildirdi. Bu haqda partiyaning rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Tariflar va aholi daromadi
Toshkent shahrida avtobus va metro uchun elektron to‘lov tariflarini qariyb 47 foizga oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. XDP mazkur qarorni qabul qilishda faqat tashuvchilar xarajatlarini emas, balki kam daromadli hamda ko‘p farzandli oilalar imkoniyatlarini ham hisobga olish shartligini ko‘rsatmoqda. Partiyaga ko‘ra, transport siyosatida iqtisodiy samaradorlik bilan birga ijtimoiy tenglik ham asosiy mezon bo‘lishi zarur.
«School Bus» tizimi va imtiyozlar

O‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida poytaxtda maktab avtobuslari tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda va buni so‘rov ishtirokchilarining 73,5 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Partiya barcha o‘quvchilar uchun imtiyozli tariflar yaratilishi kerakligini, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun esa qo‘shimcha yengilliklar berilishi maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
«Maktabga borish va qaytishda bolaning xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi shart», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, yangi tizim ota-onalarga qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lmasligi kerakligi qayd etilgan.
Xorijiy tajribani qo‘llash
Xorijiy davlatlarda o‘quvchilarning transport xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha turli mexanizmlar qo‘llaniladi. Jumladan, maktabgacha bo‘lgan masofa, oila daromadi va hudud infratuzilmasiga qarab xarajatlar to‘liq yoki qisman davlat tomonidan qoplanadi. XDP O‘zbekistonda ham tarif o‘zgarishlarining ijtimoiy ta’siri xolis baholanishi, qarorlar xalq uchun tushunarli bo‘lishi va o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratilishi zarurligini ilgari surmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri Toshkent viloyatida avtobus yo‘lkirasi oshgani haqida xabar bergan edi.