OnePlus 16 smartfoni avvalgi rekordni yangiladi

OnePlus kompaniyasining yangi OnePlus 16 smartfoni AnTuTu V12 testida 5 384 433 ball qayd etdi. Qurilma hali rasman taqdim etilmagan bo‘lib, uning Xitoydagi taqdimoti oktabr oyida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Benchmark ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon Qualcomm’ning yangi Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 protsessori bilan jihozlangan.
Protsessor testida 1,45 mln ball
OnePlus 16 AnTuTu sinovida markaziy protsessor bo‘yicha 1 458 283 ball, grafik protsessor bo‘yicha esa 2 010 584 ball to‘plagan.
Xotira ko‘rsatkichi 766 362 ballni, foydalanuvchi interfeysi va tizim tezligini baholovchi UX natijasi esa 1 149 204 ballni tashkil etdi.
Sinovdan o‘tkazilgan qurilmada 2 nanometrli Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 (SM8975) chipi, 16 GB LPDDR5X operativ va 1 TB UFS 4.1 doimiy xotira o‘rnatilgan.
Smartfon Android 17 asosidagi ColorOS 17 operatsion tizimida ishlagan.
Ekran 185 Hzgacha ishlashi mumkin
Benchmark ma’lumotida OnePlus 16 ekranining yangilanish chastotasi 185 Hz ekani ko‘rsatilgan.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 6,78 dyuymli BOE X4 displeyini olishi mumkin. Interfeysda ekran 165 Hz chastotada ishlashi, ayrim moslashtirilgan o‘yinlarda esa bu ko‘rsatkich 185 Hzgacha oshishi kutilmoqda.
OnePlus 16 bir nechta xotira konfiguratsiyasida chiqarilishi aytilmoqda: 12/256 GB, 12/512 GB, 16/512 GB va 16 GB/1 TB.
Asosiy kamera 200 MP bo‘lishi mumkin
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, OnePlus yangi avlod smartfonida kamera tizimini ham sezilarli yangilaydi.
Qurilmaning asosiy kamerasi 1/1,4 dyuymli sensorga ega 200 MP modul bilan jihozlanishi mumkin. Shuningdek, 50 MP ultra keng burchakli va 50 MP periskop telefoto kameralar o‘rnatilishi kutilmoqda.
Hozircha ushbu xususiyatlar ishlab chiqaruvchi tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Akkumulyator sig‘imi 9000 mA/soatga yetishi mumkin
Ma’lumotlarga ko‘ra, OnePlus 16 9000 mA/soat sig‘imli akkumulyator olishi mumkin. Smartfon 100 Vt quvvatli simli va 50 Vt simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
OnePlus 16’ning Xitoydagi taqdimoti 2026-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Smartfonning xalqaro bozorga chiqarilishi bo‘yicha esa hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy M34 uchun One UI 9.0 beta versiyasi chiqqani haqida yozgan edi.