Toshkent shahrida yashil hududlar saqlab qolinishi shart — Urbanizatsiya qo‘mitasi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona ortidagi hududda davlat-xususiy sheriklik asosida xiyobon va avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilgan
Toshkent shahrida yashil hududlar saqlab qolinishi shart — Urbanizatsiya qo‘mitasi
Foto: SI / Sapura Temirxanova

Toshkentdagi yashil hududlarda avtoturargohlar qurilishi va «Navro‘z» bog‘iga tegishli obyektlarning auksionga chiqarilishi jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi yashil hududlarni qisqartirishga yo‘l qo‘yilmasligi, «Navro‘z» bog‘i hududidagi 1,6 gektar maydonda esa hukumat qaroriga muvofiq jamoat parki tashkil etilishi shartligini bildirdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, shahar markazidagi ko‘kalamzor hududlarni kamaytirish va aholi sayr qilishi hamda dam olishi uchun mo‘ljallangan jamoat joylari o‘rnida qurilishlar olib borish maqsadga muvofiq emas.

«Avtoturargohlarni tashkil etishda ko‘kalamzor maydonlarning qisqarishiga hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak», – deyiladi qo‘mita munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan loyiha Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona ortidagi hududga tegishli. Toshkent shahar hokimining 14-sentabrdagi qaroriga ko‘ra, Qashqar mahallasidagi mazkur hududda davlat-xususiy sheriklik asosida xiyobon va avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyiha 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, xususiy sherik uch oy ichida kamida 10 mlrd so‘m investitsiya kiritishi kerak. Hududda avtoturargoh bilan birga bolalar maydonchasi, workout zonasi, velosiped va piyodalar yo‘laklari, yemakxona hamda yengil konstruksiyali sport majmuasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorda hududdagi mavjud daraxtlarga zarar yetkazmaslik, yangi daraxt va gullar ekish hamda kapital inshootlar qurmaslik alohida belgilangan. Faqat yengil, tez yig‘iladigan konstruksiyalar va zarur texnik uskunalarni o‘rnatishga ruxsat beriladi.

Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi Toshkentdagi mavjud yashil hududlarning qisqarishini oldini olish, jamoat parklari uchun belgilangan yerlarni saqlash va ulardan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish zarurligini qayd etdi.

Davletov.uz Telegram kanali muallifi Qobil Xidirov ham holatga munosabat bildirdi.

«Texnik shartlarda avtoturargoh bilan birga, «xiyobon tashkil qilish» rejasi ham ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, bu shunchaki ko‘zni shamg‘alat qilishdan boshqa narsa emas, deb o‘ylaymiz. Shundoq ham xiyobon u yerlar».

Jurnalist va jamoatchilik faoli Muhrim A’zamxo‘jayev fikricha, mazkur hudud yillar davomida aholi sayr qilishi, dam olishi hamda ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi uchun xizmat qilib kelgan va uni avtomobillar turargohiga aylantirish mantiqan to‘g‘ri emas.

«Qishin-yozin xalqqa xizmat qilib turgan bir bo‘sh maydonga tegmasin. So‘ramasdan tegishga haqqi ham yo‘q», – deya yozdi u.

A’zamxo‘jayev avtoturargoh muammosini jamoat maydonlari hisobiga hal qilish o‘rniga yaqin atrofdagi davlat tashkilotlari hududida ko‘p qavatli yoki avtomatlashtirilgan parkinglar tashkil etishni taklif qildi. U shaharda piyodalar va jamoat hududlari manfaatlari ham hisobga olinishi kerakligini ta’kidlab, «Toshkent faqat haydovchilardan iborat emas. Shahar markazi ham mashinalarniki emas», – dedi.

«Navro‘z» bog‘iga tegishli ikki obyekt auksionga chiqarildi

Shuningdek, o‘qing: Shayxontohurda yangi bog‘ barpo etiladi

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumani Matonat mahallasi, Sharof Rashidov ko‘chasidagi «Navro‘z» madaniyat va istirohat bog‘iga tegishli ikkita ko‘chmas mulk obyekti yer uchastkalari bilan birga elektron savdoga chiqarilgan.

Birinchi obyekt 2 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi 436,3 mlrd so‘m etib belgilangan. Ikkinchi, 1,2 gektarlik obyektning boshlang‘ich qiymati esa qariyb 223,9 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Urbanizatsiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, sotuvga chiqarilgani aytilayotgan obyektlardan birining yer maydonida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 83-son qaroriga asosan 1,6 gektarlik jamoat parki tashkil etilishi nazarda tutilgan. Qo‘mita ushbu hudud belgilangan maqsadda saqlanishi kerakligini ta’kidladi.

«Milliy qo‘mita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlarni qisqarishining oldini olish, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini ta’minlash shart, deb hisoblaydi», – deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, «Turonbank», «O‘zexpomarkaz» va Xalqaro biznes markazi sotilishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek