O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi ishga tushirilishi mumkin

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Shuningdek, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida malum qildi.

Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash va raqamli toʻlovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilgani qayd etildi. Bu oʻzgarishlar xalqaro toʻlov tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirayotgani taʼkidlandi.

«Kompaniya bilan juda ko‘p yo‘nalishda hamkorlik qilish imkoniyati bor. Oldimizda esa katta va muhim vazifalar turibdi», – deyiladi xabarda.

DFC bilan yirik loyihalar muhokama qilindi

Shuningdek, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida transport va sogʻliqni saqlash sohalarida amalga oshirilishi boshlangan yirik qoʻshma loyihalar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston tomoni DFC bilan hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Ma’lumot uchun, YouTube monetizatsiyasi – platformadagi kontent orqali daromad olish tizimi. U mualliflarga videolarda reklama joylashtirish, YouTube Premium tomoshalari, kanal a’zoligi, Super Chat va boshqa vositalar orqali daromad olish imkonini beradi. Daromad olish uchun kanal YouTube Partner Program talablariga javob berishi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida qatnashayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek