Andijonda 15 mln dollarlik xalqaro texnikum ishga tushdi

Andijon tumanidagi «Ipak yo‘li» sanoat zonasi hududida qiymati $15 mln bo‘lgan «Andijon-Huanya» xalqaro texnikumi tashkil etildi. Loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni texnikum faoliyati bilan tanishdi.
Texnikum 5 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan
Ta’lim muassasasi to‘rt gektar maydonda barpo etilgan bo‘lib, uning zamonaviy o‘quv binosi 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Keyingi bosqichda texnikum hududida yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar sanoat korxonalari uchun tayyorlanadi

«Andijon-Huanya» xalqaro texnikumi «Ipak yo‘li» sanoat zonasidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun mutaxassislar tayyorlaydi.
Muassasada dual ta’lim tizimi joriy etilgan. O‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda egallaydi, amaliy mashg‘ulotlarni esa sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi.
Bu orqali talabalar o‘qish davomidayoq ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy uskunalar va texnologiyalar bilan ishlash tajribasini oladi.
2030-yilgacha 4 ming o‘quvchi tahsil olishi rejalashtirilgan
Texnikum 2026-yil iyun oyida ish boshlagan. Hozir bu yerda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilgacha yillik qabulni 1,8 ming nafarga, o‘quvchilarning umumiy sonini esa 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, ta’lim yo‘nalishlari sonini 20 tagacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 200 ta ish o‘rni taklif qilingani haqida yozgan edi.