Shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqariladi

eʼlon qilindi
Har bir tanga 31,1 gramm vaznga ega bo‘lib, nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi
Shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqariladi
Foto: Markaziy bank

Markaziy bank Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi. Har bir tanga 31,1 gramm vaznga ega bo‘lib, nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi.

Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi sof oltin va kumushdan zarb etiladi. Dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqarilishi rejalashtirilgan.

«Ikki tanga — bir Registon» konsepsiyasi yaratildi

Tangalar «Ikki tanga – bir Registon» konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Oltin va kumush tangalar yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasviri hosil bo‘ladi.

Tangalarning old tomonida Samarqanddagi Tillakori madrasasining me’moriy elementlari, shaxmat donalari va geometrik naqshlar tasvirlangan.

Oltin tangada «46-Butunjahon Shaxmat Olimpiadasi Samarqand – 2026», kumush tangada esa «46th Fide Chess Olympiad Samarkand-2026» yozuvlari joylashtiriladi.

FIDE logotipi ham aks ettiriladi

Tangalarning orqa tomonida Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE logotipi tasvirlanadi.

Shuningdek, oltin tangada «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki», kumush tangada esa «Central Bank of the Republic of Uzbekistan» yozuvi va 100 ming so‘mlik nominal qiymat ko‘rsatiladi.

Tangalarning narxi keyinroq e’lon qilinadi

Oltin tangalar dastlab 100 dona, kumush tangalar esa 500 dona cheklangan tirajda chiqariladi. Talabga qarab tiraj keyinchalik bosqichma-bosqich oshirilishi mumkin.

Tangalarni alohida yoki ikki donadan iborat kolleksion to‘plam shaklida xarid qilish mumkin bo‘ladi. Narxlar va qaysi banklarda sotilishi haqidagi ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan keyinroq e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga 200 ming dollar mukofot berilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek