Oltinko‘lda 28 mln dollarlik charm-poyabzal sanoat zonasi rivojlantirilmoqda

eʼlon qilindi
17 ta loyiha amalga oshirilmoqda
Oltinko‘lda 28 mln dollarlik charm-poyabzal sanoat zonasi rivojlantirilmoqda
Foto: prezident matbuot xizmati

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida xomashyoni qayta ishlashdan tayyor poyabzal ishlab chiqarish va sotishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga qaratilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasi rivojlantirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Loyihalar qiymati $28 mln

Charm-poyabzal kichik sanoat zonasining umumiy maydoni 10,1 gektarni tashkil etadi. Bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati $28 mlnga teng.

Hududning 5,5 gektarida zamonaviy ishlab chiqarish binolari, dual ta’lim markazi va savdo shoxobchalari barpo etilgan.

Majmua vodiydagi charm mahsulotlari va tayyor poyabzal ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, kosiblar hamda klasterlarni bir hududda birlashtirishga mo‘ljallangan.

17 ta loyiha amalga oshirilmoqda

Sanoat zonasida umumiy ishlab chiqarish quvvati 150 mlrd so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 10 ta loyiha poyabzal va tagcharm, ikkitasi sun’iy charm, yana ikkitasi poyabzal yelimi ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan.

Qolgan loyihalar doirasida rezina poyabzal, maxsus poyabzallar uchun ustki qismlar ishlab chiqarish va terini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunga qadar sanoat zonasida 2,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Foto: prezident matbuot xizmati

Mahsulotlar yettita davlatga eksport qilinmoqda

Majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda.

Ishlab chiqarish jarayonlariga Turkiya, Xitoy va Italiyada malaka oshirgan mutaxassislar ham jalb qilingan.

Ularning tajribasidan mahsulot sifatini va xalqaro bozordagi raqobatbardoshlikni oshirishda foydalanilmoqda.

Tadbirkorlarga yetti yilgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan

Charm-poyabzal sanoatini qo‘llab-quvvatlash doirasida tadbirkorlarga qator imtiyozlar taqdim etilgan. Jumladan, ularning talablari asosida qurilgan ishlab chiqarish bino va inshootlari qiymatini yetti yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish mexanizmi joriy qilingan.

Tashrif davomida Mirziyoyev majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Tadbirkorlar bilan muloqotda mahsulot sifatini oshirish, zamonaviy modellar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Avvalroq «Kursiv» Xo‘jaobodda yiliga 1 mln dona «aqlli» suv hisoblagich ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek