Xitoyda 70 yoshli ayol tobut ichida hushiga keldi

eʼlon qilindi
Ayol saraton bilan og‘rigan
Foto:  Foto: Shutterstock / South China Morning Post

Xitoyning Xebey provinsiyasida vafot qayd etilgan 70 yoshli ayol sovitkichli tobutga joylashtirilganidan bir kun o‘tib hushiga keldi. Bu haqda The Paper nashri xabar berdi.

Ayol saraton bilan og‘rigan, shuningdek, o‘n yildan ortiq vaqt davomida bosh miya trombozi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan. Shifokorlar saraton hujayralari butun tanaga tarqalganini va davolashning imkoni qolmaganini bildirgach, qarindoshlari uni uyiga olib ketgan. 8-sentabr kuni kechqurun oila a’zolari ayolda hayot belgilari yo‘q deb hisoblab, uni sovitkichli tobutga joylashtirgan. Ertasi kuni uning kelini tobut ichidan zaif ingrash ovozini eshitgan. Shundan so‘ng ayol darhol tashqariga chiqarilgan. 11-sentabr kuni u ko‘zlarini ochib, qisman hushiga kelgan. Biroq ahvoli og‘irligicha qolgan: ayol mustaqil ravishda suv icha va ovqatlana olmagan. O‘sha kuni kechqurun u vafot etgan, 13-sentabr kuni esa dafn qilingan.

Tobut chuqur muzlatish rejimida bo‘lmagan

Mahalliy qishloq vakilining aytishicha, tobutda chuqur muzlatish emas, oddiy sovitish rejimi yoqilgan. Bu qarindoshlar uzoqdan yetib kelguniga qadar jasadni saqlash uchun qilingan. Mahalliy vakil aynan shu holat ayolning hayot belgilarini tiklashiga imkon bergan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Nashr hodisani «soxta o‘lim» holati bilan izohlaydi. Bunday paytda yurak urishi va nafas olish juda zaiflashib, modda almashinuvi keskin sekinlashishi mumkin. Inson chuqur hushsiz holatga tushgani sabab tashqi belgilar o‘limga o‘xshab ketadi.Mutaxassislar o‘lim holatini aniqlashda nafas olish, yurak urishi, ko‘z  qorachig‘i reaksiyasi va yurak faoliyati kabi bir nechta tibbiy belgilar birgalikda tekshirilishi kerakligini ta’kidlagan.

Avvalroq Kursiv Buyuk Britaniyada bedarak yo‘qolgan mushuk 10 yildan keyin uyga qaytgani haqida yozgan edi.

Shuningdek