Andijonda 271 mlrd so‘mlik yangi yo‘lo‘tkazgich foydalanishga topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Boburshoh ko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi yangi yo‘lo‘tkazgich bilan tanishdi. Loyihaning umumiy qiymati 271 mlrd so‘mni tashkil etadi. Inshoot davlat rahbarining Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida qurilgan.
140 ming aholiga qulaylik yaratildi
Yangi yo‘lo‘tkazgich Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 140 ming nafarga yaqin aholi uchun yo‘l masofasini qisqartirdi.
Endilikda ular 5,3 kilometr ortiqcha yo‘l bosmaydi. Shu orqali shaharning ikki qismi o‘rtasidagi transport qatnovi ham yengillashadi.

Yo‘l 796 metr uzunlikda qurildi
Yo‘lo‘tkazgichning umumiy uzunligi 796 metr, kengligi esa 25,9 metrni tashkil etadi.
Shundan 596 metri estakada, 200 metri esa tirgak devorli yo‘l qismidan iborat.
Tez yordam manzilga 14 daqiqa ertaroq yetib boradi
Yangi yo‘l maxsus xizmatlar qatnovini ham qisqartirdi. Ularning harakat masofasi 15 kilometrdan 9,3 kilometrgacha kamaydi.
Ortiqcha masofa va temir yo‘l kesishmasida kutish zarurati bartaraf etilgani hisobiga manzilga yetib borish vaqti 17 daqiqagacha qisqaradi.
Avvalroq «Kursiv» Asakada 51,8 mlrd so‘mlik ekoturizm majmuasi barpo etilgani haqida yozgan edi.