Berlindagi aeroport dron sabab vaqtincha yopildi

Germaniyaning Berlin Brandenburg aeroportida uchish-qo‘nish ishlari dron aniqlangani sabab vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda DW xabar berdi.
Dron chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida aeroportning shimoliy uchish-qo‘nish yo‘lagida ko‘ringan. Oradan bir necha daqiqa o‘tib aeroport ustidagi havo hududi yopilgan.
Parvozlar 45 daqiqaga to‘xtatildi
Aeroport faoliyati kamida 45 daqiqa davomida to‘xtab qoldi. Shu vaqt ichida ayrim reyslar Drezden aeroportiga yo‘naltirilgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 21:05 ga kelib havo hududi qayta ochildi va parvozlar tiklandi. Biroq ayrim reyslarda kechikishlar saqlanib qoldi.
Dronlar bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqda
Berlin Brandenburg aeroportida dron aniqlanishi bilan bog‘liq holatlar bu yil ancha ko‘paygan.
Germaniya havo harakatini boshqarish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida aeroport atrofida 28 ta dron holati qayd etilgan. Ularning yettitasida parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yil davomida aeroport va uning atrofida jami sakkizta dron aniqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 200 ta ish o‘rni taklif qilingani haqida yozgan edi.