
Sentabr oyining oxiri — O‘zbekistonda tarvuz mavsumi asta-sekin yakuniga yetmoqda. Shunga qaramay, Toshkent ko‘chalarida hamon tarvuz tog‘lari ko‘zga tashlanadi: katta savdo markazlaridan tortib chekka mahallalargacha, deyarli har bir ko‘cha burchagida sotuvchilarni uchratish mumkin. Ammo issiqda, ochiq havoda, ko‘pincha soyabonsiz sotilayotgan bu tarvuzlar qanchalik xavfsiz?
Kursiv Uzbekistan bu savolga javob izlab bevosita ko‘chada tarvuz sotuvchi tadbirkorga va Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga (SES) murojaat qildi.
Mundarija
- «Barcha hujjatlarim bor» — tarvuz sotuvchisi
- Ko‘chada tarvuz sotish qonunga xilofmi? «SES» javobi
- Mahsulot yerda qancha xavfsiz turadi
- Tarvuzdagi nitratni uyda tekshirish mumkinmi
- Tarvuzni uyda qanday saqlash qilish kerak
- Xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak
«Barcha hujjatlarim bor» — tarvuz sotuvchisi
Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan tadbirkor bilan Toshkent shahridagi savdo nuqtasida suhbatlashdik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tarvuzlarni Toshkent viloyatidagi dalalardan, vositachisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dehqonning o‘zidan sotib oladi. Tarvuzni daladan yig‘ib olish jarayoni taxminan 4 soat davom etadi, so‘ngra mahsulot muzlatkichsiz oddiy yuk mashinasida 2-3 soat ichida savdo nuqtasiga yetkaziladi.
«Kunduz kuni tarvuzlarni ustiga hech nima yopmayman, chunki sotiladigan joy daraxtlar soyasida joylashgan. Shuning uchun mahsulotlar salqin saqlanadi» — dedi tadbirkor.

Savdo uchun zarur bo‘lgan hujjatlar borasida tadbirkor ishonch bilan javob berdi.
«Ko‘chada tarvuz va qovun sotish uchun menda barcha hujjatlar bor. Barchasi qonuniy» — dedi u, shu jumladan «SES»dan ham barcha hujjatlarni rasmiylashtirganini qo‘shimcha qildi.
Biroq kunlik savdo hajmi va daromad haqidagi savolga tadbirkor javob berishni istamadi.
Ko‘chada tarvuz sotish qonunga xilofmi? «SES» javobi
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Jonibek Odiljonov savollarimizga batafsil javob berdi.

Qonuniylik masalasi
Odiljonovning ta’kidlashicha, ko‘chada tarvuz sotish ham boshqa har qanday savdo faoliyati kabi belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart:
«Istalgan joyda, xususan, avtomobil yo‘llari chetida yoki ruxsat etilmagan hududlarda tarvuzlarni joylashtirib, savdo qilishni qonuniy savdo deb baholab bo‘lmaydi. Shuning uchun iste’molchi sifatida ham tarvuz qayerda sotilayotganiga e’tibor berish kerak».
Muhim jihat: bozor rastalarida sotilayotgan tarvuz-qovun mahsulotlari bozor hududidagi Veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi tomonidan albatta tekshiriladi va faqat sifatli deb topilgandan so‘ng savdosiga ruxsat beriladi.
«Xaridorlar mahsulot xaridi jarayonida uning sifatini tasdiqlovchi xulosalarini so‘rashga haqli» — deya qo‘shimcha qildi Odiljonov.
Nazorat statistikasi
Odiljonov keltirgan raqamlar mavzuning ko‘lamini ko‘rsatadi: joriy yilning hozirgi davriga qadar Toshkent shahar «SES» boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan kundalik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruvlar davomida organoleptik jihatdan o‘zgargan, sifat ko‘rsatkichlari buzilgan, iste’mol uchun xavfli deb topilgan jami 14 ming 104 kg poliz mahsuloti savdosi to‘xtatilib, yo‘q qilingan.
«Olib borilayotgan nazorat tadbirlari sababli bugungi kunda poytaxtimizda poliz mahsulotlaridan ommaviy zaharlanish holati qayd etilmadi» — deydi Odiljonov.
Mahsulot yerda qancha xavfsiz turadi
Iste’molchilar xavfsizligi haqidagi ushbu qiziqarli savolga «SES» vakili aniq raqamlar bilan javob berdi:

«Tarvuzning po‘stlog‘i butun bo‘lganida u tashqi muhitdan ichki qismini ma’lum darajada himoya qiladi. Ammo po‘stlog‘i yorilgan, kesilgan, teshilgan yoki kuchli ezilgan bo‘lsa, tashqi muhitdagi mikroorganizmlarning tarvuzning iste’mol qilinadigan qismiga o‘tish xavfi ortadi».
Bunday sharoitda Salmonella va boshqa kasallik chaqiruvchi bakteriyalar rivojlanishi mumkin. Xona haroratida saqlangan kesilgan tarvuz yuzasida ham Salmonella ko‘payishi mumkinligi alohida ta’kidlandi. Natijada iste’molchida oziq-ovqatdan zaharlanish yoki ichak infeksiyasiga xos belgilar — ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i, ich ketishi, tana haroratining ko‘tarilishi va holsizlik — kuzatilishi mumkin.
Aniq vaqt me’yorlari quyidagicha:
- Kesilgan tarvuzni xona haroratida 2 soatdan ortiq qoldirmaslik kerak
- Harorat 32°C dan yuqori bo‘lgan sharoitda esa bu muddat 1 soatgacha qisqaradi

Ko‘chada ko‘p uchraydigan yana bir manzara — mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri asfalt yoki tuproq ustiga terib qo‘yish. Odiljonov buni quyidagicha izohlaydi:
«Bu, birinchi navbatda, mahsulotning tashqi muhit bilan ifloslanish xavfini oshiradi. Tuproq, chang, transport vositalari harakati natijasida ko‘tariladigan chang, hasharotlar va boshqa ifloslantiruvchi omillar tarvuz po‘stlog‘iga tushishi mumkin».
Shu bilan birga, u kesishdan oldingi bir bosqichni alohida ta’kidladi:
«Tarvuzni kesishdan oldin po‘stlog‘ini yaxshilab yuvish kerak. Chunki po‘stloqdagi mikroorganizmlar kesish vaqtida pichoq orqali tarvuzning ichki, iste’mol qilinadigan qismiga o‘tishi mumkin».
Tarvuzdagi nitratni uyda tekshirish mumkinmi
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fuqarolar shaxsiy nitratometr qurilmalari yordamida tarvuz va qovunlarni tekshirib ko‘rmoqda. «SES» bu borada aniq pozitsiyani bildiradi: bunday shaxsiy qurilmalar «O‘zstandart» agentligi va metrologiya xizmatlari ro‘yxatidan o‘tmagan, shuning uchun ularning ko‘rsatkichlari ishonchli emas.

Mahsulot xavfsizligini tekshirish faqat davlat nazoratidagi laboratoriya xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Sanitariya qoida va me’yorlariga ko‘ra, tarvuzda nitratning ruxsat etilgan maksimal darajasi 60 mg/kg — va bu ko‘rsatkichni faqat laboratoriya nazorati orqali aniqlash mumkin, oddiy ko‘z, ta’m yoki rang orqali emas.
Tarvuzni uyda qanday saqlash qilish kerak
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi aniq amaliy yo‘riqnoma beradi. Avvalo, tarvuzni kesishdan oldin uning po‘stlog‘ini suvda yaxshilab yuvish, so‘ng toza pichoq va toza yuzada kesish kerak. Kesilgan tarvuzni toza idishga solib, yopiq holda 0–6°C haroratdagi muzlatkichda saqlash lozim, imkon qadar esa uni 24 soat ichida iste’mol qilib tugatish tavsiya etiladi.

Odiljonovning ta’kidlashicha, poliz mahsulotlarini xom go‘sht yoki boshqa xom mahsulotlar bilan birga saqlash tavsiya etilmaydi — bu turli mikroorganizmlarning bir-biriga o‘tish xavfini oshiradi. Shu bilan birga, kesilgan tarvuzni sovutgichdan qayta-qayta olib, stol ustida qoldirib, yana joyiga qo‘yish odati ham xavfli hisoblanadi.
«Kesilgan tarvuzni sovutgichdan qayta-qayta olib iste’mol qilish uning sifatini buzishi va oshqozonga zarar yetkazishi mumkin» — dedi mutaxassis.
Iste’mol tartibiga kelsak, «SES» meva va poliz mahsulotlarini och qoringa emas, balki to‘q qoringa — ovqatdan keyin desert sifatida iste’mol qilishni maslahat beradi, bu ovqat hazm bo‘lish jarayonini osonlashtiradi.
Xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak
«SES» vakili xaridorlar uchun aniq mezonlarni sanab o‘tdi. Eng avvalo, po‘stlog‘i butun, yoriq, teshik, kesilgan yoki kuchli ezilgan joylari bo‘lmagan tarvuzni tanlash kerak. Yuzasida yumshab qolgan, qoraygan, nam yoki shilimshiq joylar ko‘zga tashlansa, bunday mahsulotni iste’mol qilmaslik lozim.
Xuddi shunday, agar kesilgan tarvuzda nordon ta’m, shilimshiq qatlam yoki tashqi ko‘rinishning o‘zgarishi sezilsa, uni iste’mol qilib bo‘lmaydi. Ochiq havoda, quyosh ostida uzoq vaqt turgan mahsulotni xarid qilishdan ham saqlanish tavsiya etiladi.
Biroq Odiljonov muhim bir jihatni alohida ta’kidladi: «Faqat tarvuzning tashqi ko‘rinishiga qarab unda Salmonella, E. coli yoki boshqa patogen mikroorganizm bor-yo‘qligini aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun eng to‘g‘ri yondashuv — mahsulotni ishonchli va rasmiy savdo nuqtasidan xarid qilish, sanitariya talablariga rioya qilinayotganiga e’tibor berishdir».