IIB rahbarlariga kiberjinoyatlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi

Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yangi tizim doirasida ko‘chalardagi kuzatuv kameralaridan olingan ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish rejalashtirilgan.
Bu orqali bezorilik, o‘g‘rilik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, kiberhujumlardan himoyalanish dasturini ishlab chiqish belgilandi. Budjet tashkilotlari xodimlari, o‘quvchi va talabalar hamda pensionerlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish ko‘zda tutilgan. Yil yakunigacha ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish topshirildi.
Tadbirkorlarning sud ishlari tezlashtiriladi
Yig‘ilishda tadbirkorlarning kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligi bilan bog‘liq nizolarini ko‘rib chiqish uzoq davom etayotgani ham qayd etildi.
Dalillar yetarli bo‘lgan ayrim ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish va sud muddatlarini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligiga Andijondagi tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganib, ularning muammolariga yechim topish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, o‘qing: Siyosatdan yiroq odam, yuragidagi bor gapni gapirdi — Mirziyoyev (video)
Oktabr–noyabr oylarida respublika bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish hamda sud jarayonlari bo‘yicha o‘quvlar o‘tkazilishi belgilandi.
Andijonda 100 ta mahalla yangilanadi
Kelgusi yil Andijondagi 100 ta mahallaga «Yangi O‘zbekiston qiyofasi»ni olib kirish bo‘yicha reja tayyorlash topshirildi.
Mahalla faollari va nuroniylarning ko‘chalarni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, xonadonlar atrofiga daraxt va gullar ekish ishlarida faol qatnashishi muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 2027-yil yana uchta yirik yo‘lo‘tkazgich qurilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Asaka tumani markazini aylanib o‘tuvchi ko‘prik ham ishga tushiriladi.