
UFC jangchisi Arman Tsarukyan Los-Anjelesdagi jangidan bir necha kun o‘tib, O‘zbekiston milliy taomlarini tatib ko‘rdi. Unga MMA blogeri Nina Drama hamrohlik qildi. Bu haqdagi videoni Tsarukyan Instagram tarmog‘ida e’lon qildi.
19-sentabr kuni UFC 331 turnirida braziliyalik Maurikio Ruffy bilan oktagonga chiqqan Tsarukyan jangni birinchi raunddayoq yakunladi. U raqibini 4 daqiqa 56 soniyada nokautga uchratdi.
Palov, tandir non va achchiq-chuchuk
G‘alabadan keyingi gastronomik videoda Tsarukyan va Nina Drama O‘zbekiston oshxonasining mashhur taomlarini sinab ko‘rdi.
Ular dasturxondagi palov, tandir non va achchiq-chuchuk salatini tatib ko‘rgan. E’tiborli jihati, mehmonlar palovni qoshiq bilan emas, qo‘l bilan yeyishni tanlagan.
Tsarukyan videoga hazilomuz ohangda «Nihoyat qo‘l bilan normal ovqat yeyishim mumkin», deya yozib qoldirgan.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Tsarukyan UFC’ning yengil vazn toifasida jang qiladi va hozirda divizion reytingida 2-o‘rinni egallab turibdi. Uning professional rekordi — 24 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat.
Armanistonlik jangchi UFC’dagi debyutini 2019-yilda Islom Maxachevga qarshi o‘tkazgan. Shundan keyin u divizionning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, Charlz Oliveyra, Den Huker va boshqa mashhur jangchilar ustidan g‘alaba qozongan. UFC ma’lumotlariga ko‘ra, Tsarukyan faoliyatida 10 ta jangni nokaut bilan, 6 tasini esa raqibini taslim qilish orqali yakunlagan.
Avvalroq Kuvayt poytaxtida «Ozbek by Kasimov» nomli ilk o‘zbek restorani ish boshlagani haqida xabar berilgandi.