Pokiston Afg‘onistonga yana zarba berdi. Qurbonlar bor

Pokiston 23-sentabr kuni Afg‘onistondan uchirilgan dronlar hujumiga javoban qo‘shni davlat hududidagi 10 ta obyektga havo va dron zarbalari berganini ma’lum qildi. Afg‘oniston tomoni esa zarbalar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar borligini bildirdi.
Pokiston 10 ta nishonni urganini bildirdi
Pokiston axborot vaziri Attaulla Tararning ma’lum qilishicha, 24-sentabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston hududidagi dronlarni uchirish va saqlash uchun foydalanilgan 10 ta joyga «aniq» havo va dron zarbalari berilgan.
Islomobodning da’vosiga ko‘ra, 23-sentabr kuni Afg‘oniston hududidan Pokistonga dronlar uchirilgan. Pokiston havo mudofaasi barcha dronlarni nishonga yetib borishidan oldin aniqlab, urib tushirgan.
Tarar zarbalar Pokistonning o‘zini himoya qilish huquqi doirasida amalga oshirilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hujumlar faqat harbiy obyektlarga qaratilgan.
Zarba Xost, Paktia va Qandahorga berilgan
Afg‘onistonning mahalliy rasmiylari Pokiston zarbalari Xost, Paktia va Qandahor viloyatlariga berilganini ma’lum qildi.
Xost viloyati gubernatori vakili zarbalar mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:30 da amalga oshirilganini aytdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Xostdagi hujumlarda qurbonlar bo‘lmagan. Qandahor shahrining 9-hududidagi ochiq maydon ham nishonga olingani bildirilgan.
Keyinroq Afg‘oniston hukumati vakili Zabihulloh Mujohid zarbalar oqibatida to‘rt nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi taranglik kuchaymoqda
Pokiston Afg‘oniston hududidan o‘ziga qarshi hujumlar uyushtirilayotganini muntazam ta’kidlab kelmoqda. Qobul esa «Tolibon» hukumatining Pokistonga qarshi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi ayblovlarni rad etadi.
Bu 24-sentabrdagi zarbalar ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi keskinlashuvning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. So‘nggi voqealar ikki davlat o‘rtasidagi vaziyatni yanada keskinlashtirib, Xitoy, Turkiya, Qatar va Saudiya Arabistoni vositachiligidagi muzokaralarga ham ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 21-sentabr kuni ham Pokiston Afg‘onistonning Kunar va Paktika viloyatlaridagi uchta obyektga havo zarbalari berganini ma’lum qilgan. O‘sha hujumlarda Afg‘oniston tomoni uch nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirgan, Pokiston esa 28 nafar jangari o‘ldirilganini da’vo qilgan.